Wildberries O‘zbekistonda logistika xabini yaratish uchun $300 mlndan ortiq investitsiya kiritadi

Loyiha mintaqadagi logistika oqimlarini birlashtirish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirishga xizmat qiladi

Wildberries O‘zbekistonda logistika xabini yaratish uchun $300 mlndan ortiq investitsiya kiritadi

“Wildberries” va “Russ” kompaniyalari birlashmasi hisoblangan “RWB” O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika xabini yaratishni rejalashtirmoqda. Kompaniya loyiha doirasida logistika infratuzilmasini rivojlantirishga $300 mlndan ortiq investitsiya kiritadi. Bu haqda “RWB” bosh ijrochi direktori Robert Mirzoyan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha hududdagi “Wildberries”ning mavjud logistika quvvatlari negizida eksport markazini shakllantirish, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan yangi tashabbuslarni ishga tushirishni nazarda tutadi.

Markaziy Osiyo logistika xabi yaqin yillarda Toshkent viloyatida barpo etilayotgan qariyb 170 ming kvadrat metr maydondagi ombor majmuasi, “Wildberries”ning saralash markazi va kompaniya faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlardagi infratuzilma obyektlarini birlashtiradi.

Yangi logistika markazi Markaziy Osiyodagi logistika oqimlarini konsolidatsiya qilishning asosiy platformasiga, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish uchun tayanch bazaga aylanishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida Rossiya – O‘zbekiston – Yaqin Sharq yo‘nalishlarini bog‘lovchi yagona logistika tuguni shakllantiriladi. Shuningdek, Xitoy – O‘zbekiston – Afrika yo‘nalishi bo‘yicha tovarlar tranzitini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Robert Mirzoyan kompaniyaning xalqaro ishtirokini kengaytirish o‘zbek mahsulotlari eksportini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investitsiyalar logistika infratuzilmasini rivojlantirish va aholi hamda tadbirkorlar uchun yangi servislarni ishga tushirishga yo‘naltiriladi.

Ma’lumot uchun, “RWB” kompaniyasi “Wildberries” va tashqi reklama operatori “Russ”ning birlashuvi natijasida tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniya Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Kavkaz, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yangi Toshkent aeroporti 2065-yilgacha xususiy boshqaruvga topshiriladi
/
Yangi Toshkent aeroporti 2065-yilgacha xususiy boshqaruvga topshiriladi
Toshkentda Volkswagen avtomobillarini yig‘ish zavodini ishga tushirildi
/
Toshkentda Volkswagen avtomobillarini yig‘ish zavodini ishga tushirildi
18-iyun kuni davlat tashkilotlari ishni soat 10:00 da boshlaydi
/
18-iyun kuni davlat tashkilotlari ishni soat 10:00 da boshlaydi