O‘zbekiston urug‘lik materiallari eksportini MDH bozorlarida kengaytiradi
2027–2028-yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo yetkazib berishning amaliy mexanizmlari ishlab chiqildi
Turkmanistonda o‘tkazilayotgan MDH davlatlarining urug‘chilik bo‘yicha yig‘ilishida 2027–2028-yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo yetkazib berish bo‘yicha aniq amaliy mexanizmlar kelishib olindi.
Shuningdek, seleksiya navlari va duragaylari, dorivor o‘simliklar, meva-rezavor ekinlar hamda uzum urug‘larini davlatlar o‘rtasida yetkazib berishni nazarda tutuvchi yangi bitim loyihasi ma’qullandi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev boshchilik qilmoqda. Ikki tomonlama uchrashuvlarda O‘zbekistonning urug‘chilik sohasidagi salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda “Uzbek Seeds” milliy brendi ostida mahalliy urug‘lik materiallari eksportini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Shuhrat G‘aniyevga agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun faxriy yorliq topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ