Regulyator foiz stavkalarini belgilashda pul-kredit siyosatining qat’iylik darajasiga e’tibor qaratmoqda — Ishmetov

Oltin narxi va tashqi omillar iqtisodiyotga ta’sir qilishiga qaramay asosiy maqsad narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘lib qoladi

Regulyator foiz stavkalarini belgilashda pul-kredit siyosatining qat’iylik darajasiga e’tibor qaratmoqda — Ishmetov

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 29-apreldagi matbuot anjumanida valyuta bozori, inflyatsiya va pul-kredit siyosatiga oid asosiy masalalarga izoh berdi. Bu haqda Kapital.uz jurnalisti xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, oltin narxi iqtisodiyot va byudjet daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatsa-da, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri inflyatsiya bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Oltin narxining o‘zgarishi, avvalo, valyuta tushumlari va pul oqimlari orqali bilvosita ta’sir qiladi.

Markaziy bank valyuta siyosatida erkin suzuvchi almashuv kursi tamoyiliga qat’iy amal qilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, regulyator kursga sun’iy ta’sir ko‘rsatish yoki bozorga ortiqcha aralashish siyosatini yuritmaydi. Valyuta bozoridagi ishtirok hajmi asosan oltin xaridi bilan bog‘liq operatsiyalar darajasida shakllantiriladi.

Shuningdek, Ishmetov inflyatsiya Markaziy bankning asosiy maqsadi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, tashqi omillar — energiya resurslari narxlari, logistika muammolari va global bozor tebranishlari — bir vaqtning o‘zida valyuta kursi va inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli regulyator har ikki yo‘nalishni parallel ravishda inobatga oladi.

Regulyator prognozlarida ijobiy va salbiy ssenariylarni ham hisobga olgan. Agar geosiyosiy vaziyat yaxshilansa va energiya resurslari narxi pasaysa, bu inflyatsiyani pasaytirishga yordam beradi hamda 2026-yil uchun belgilangan 6,5% va keyingi yil uchun 5% maqsadlarga erishish imkonini oshiradi.

Aksincha, salbiy ssenariylar yuzaga kelganda qo‘shimcha bosimlar paydo bo‘lishi va qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkinligi qayd etildi.

Foiz stavkalari bo‘yicha esa regulyator faqat asosiy stavkaga emas, balki umumiy pul-kredit siyosatining qat’iylik darajasiga e’tibor qaratmoqda. Inflyatsiya darajasi 7–8% atrofida shakllangan bo‘lsa-da, inflyatsion kutilmalar hali ham yuqoriroq — taxminan 11% darajada saqlanmoqda. Shu bois real foiz stavkalari va bozordagi kutilmalar muhim omil sifatida baholanmoqda.

Shuningdek, valyuta kursining tebranuvchanligi va o‘tgan davrdagi mustahkamlanishi inflyatsion kutilmalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi. Aholi va biznes kutilmalarida kurs omilining ahamiyati kamayib, asosiy e’tibor energiya va kommunal xizmatlar narxlariga qaratilmoqda.

Markaziy bank vakillarining ta’kidlashicha, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda faqat foiz stavkasi emas, balki bir qator boshqa makroiqtisodiy omillar ham muhim rol o‘ynaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi
/
Prezident Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi
Energetika sohasida 2032-yilgacha umumiy qiymati $5,8 mlrdlik 73 ta loyiha amalga oshiriladi
/
Energetika sohasida 2032-yilgacha umumiy qiymati $5,8 mlrdlik 73 ta loyiha amalga oshiriladi
“UzLiDeP” banklarda SMS o‘rniga push-xabarnomalarni joriy etishni taklif qildi
/
“UzLiDeP” banklarda SMS o‘rniga push-xabarnomalarni joriy etishni taklif qildi