O‘zbekiston va Fransiya uzumzorlarda mavsumiy ishlar bo‘yicha kelishuvga erishdi
Pilot loyiha doirasida 50 nafar o‘zbekistonlik Fransiyaga ishlash uchun yuboriladi
Foto: Migratsiya agentligi
O‘zbekiston Fransiya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirib, o‘zbekistonliklarni uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya Fransiyada hamyurtlarni qonuniy va tizimli ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazgan. Unda Fransiya Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (FNSEA) bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Qayd etilishicha, joriy yil yoz oylaridan boshlab pilot loyiha doirasida Fransiyada ishlash istagini bildirgan 50 nafar nomzod ilk bor ushbu davlatga yuboriladi.
Shuningdek, Fransiyada kadr tanlash va bandlikni ta’minlashga ixtisoslashgan Sélect Recruiting Service tashkiloti bilan nomzodlarni saralash va ishga joylashtirish bo‘yicha bitim imzolangan.
Bundan tashqari, CFA AC Paris kompaniyasi bilan “ta’lim + ish” formatida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, Fransiyada restoran sohasida o‘qish va ishlash imkoniyatini yaratish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Kelishuvlarni amalga oshirish va tashkiliy-huquqiy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Fransiyaning Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Ta’lim vazirliklari mutasaddilari, shuningdek, France Travail davlat bandlik xizmati, CCI Île-de-France savdo-sanoat palatasi hamda AP-HP Parij davlat shifoxonalari xizmati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ