Uzum avtomobillarni sotib olish va sotish uchun yangi ilovani ishga tushirdi
Xizmat dastlab Farg‘ona vodiysida sinov rejimida ish boshlab, sun’iy intellekt orqali soxta e’lonlarni avtomatik aniqlaydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Uzum avtomobillarni sotib olish va sotish uchun mo‘ljallangan yangi Uzum Avto ilovasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kapital.uz xabar berdi.
Servis avtodilerlar va jismoniy shaxslar uchun bepul e’lon joylashtirish imkonini beradi. Hozircha ilova sinov rejimida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi foydalanuvchilar uchun ishga tushirilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, e’lon joylashtirish uchun avtomobil davlat raqamini kiritish, suratlarni yuklash va narxni ko‘rsatish kifoya. Qolgan ma’lumotlarni tizim avtomatik tarzda to‘ldiradi. Shu sababli e’lon yaratish jarayoni o‘rtacha bir daqiqani oladi.
Servisda sun’iy intellekt asosidagi moderatsiya tizimi ham joriy etilgan. U takroriy, soxta yoki noto‘g‘ri e’lonlarni avtomatik aniqlab bloklaydi. Kompaniya bu orqali foydalanuvchilarga faqat dolzarb va real takliflarni ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Xaridorlar o‘zlariga mos avtomobilni tanlagach, sotuvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.
Uzum Avto bosh direktori Yegor Abramets so‘zlariga ko‘ra, hozirgi onlayn avtomobil bozori soxta e’lonlar, dublikatlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar sabab foydalanuvchilar uchun murakkabligicha qolmoqda.
Biz Uzum Avto’ni xaridorlar real takliflarni tez topa oladigan, sotuvchilar esa ko‘p millionli auditoriyaga ortiqcha xarajatlarsiz chiqish imkoniga ega bo‘ladigan platformaga aylantirishni maqsad qilganmiz, — dedi u.
Kompaniya yaqin vaqt ichida servisni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘ylab ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ