Uzum O‘zbekistondagi raqamli infratuzilmaga $500 mln dan ortiq investitsiya kiritdi
Kompaniya 2028-yilgacha logistika markazlarini kengaytirishni va kunlik jo‘natmalarni qayta ishlash quvvatini 600 mingtagacha oshirishni rejalashtirmoqda
Фото: Uzum
Uzum ekotizimi O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln dollardan ortiq investitsiya kiritdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hozirda marketplace sotuvchilari umumiy maydoni 112 ming kvadrat metr bo‘lgan logistika markazidan foydalanmoqda. Kompaniya 2026–2028-yillarda Toshkent va boshqa hududlarda logistika quvvatlarini kengaytirishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Uzum yirik hajmli yuklar uchun mo‘ljallangan saralash markazi va omborlarni qurish loyihasini boshlagan.
Yangi ombor maydonlari ishga tushirilishi natijasida platforma kuniga 600 mingtagacha jo‘natmani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, 26 mingta yangi pallet joyi tashkil etilib, o‘n minglab maishiy texnika, mebel va boshqa yirik hajmli mahsulotlarni saqlash imkoniyati yaratiladi.
Poytaxtdagi asosiy logistika markazi bilan bir qatorda, kompaniya hududiy taqsimlash tarmog‘ini ham kengaytirmoqda. Hozirda hamkorlar Samarqand, Farg‘ona, Jizzax, Qarshi, Namangan, Navoiy, Buxoro, Urganch va Termiz shaharlarida joylashgan to‘qqizta oraliq ombordan foydalanmoqda.
Uzum E-com bosh direktori Dmitriy Benzoruk platforma tadbirkorlarga biznesni qonuniy faoliyatga o‘tkazish, malakasini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda ko‘maklashayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya infratuzilmani kengaytirishga investitsiya kiritishda davom etadi.
Ayni paytda Uzum marketplace tarmog‘i mamlakatning 626 ta aholi punktida faoliyat yuritayotgan 2,1 mingdan ortiq buyurtma topshirish punktlarini o‘z ichiga oladi. Platformada 18 mingdan ziyod sotuvchi faoliyat yuritmoqda va xaridorlarga 400 mln dan ortiq turdagi mahsulotlarni taklif etmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ