UzSungwoo’dagi 50% lik davlat ulushi qayta savdoga chiqarildi
Korxonaning asosiy fondlari balans qiymati 396,96 mlrd so‘mni tashkil etadi, eskirish darajasi esa 64% ga yetgan
Фото: Sputnik
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzSungwoo kompaniyasidagi davlatga tegishli 50% lik ulushni savdoga chiqardi. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lum qilindi.
Korxona Farg‘ona shahrining janubi-g‘arbiy qismida, xalqaro aeroport yaqinida joylashgan. 6,5 gektar maydonni egallagan ishlab chiqarish majmuasi uch qavatli ma’muriy bino va umumiy maydoni 21,6 ming kvadrat metr bo‘lgan ishlab chiqarish sexlarini o‘z ichiga oladi.
Korxonaning asosiy fondlari balans qiymati 396,96 mlrd so‘mni tashkil etadi, eskirish darajasi esa 64% ga yetgan. Zavodning aylanma aktivlari 493,6 mlrd so‘m, xaridorlar tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan majburiyatlar 97,75 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning o‘z qarzdorligi esa 301,6 mlrd so‘mga teng.
2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, UzSungwoo’ning sof foydasi 146,59 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Korxonada o‘rtacha 1060 nafar xodim faoliyat yuritadi.
Boshlang‘ich narx 390,54 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksion 1-iyun kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.
Xaridor bitim yakunlangach kamida 10 yil davomida korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishini saqlab qolishi shart. Shuningdek, ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish yoki sotish masalalari “O‘zavtosanoat” bilan kelishilishi lozim.
Bundan tashqari, texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan tuzilgan litsenziya shartnomalariga hamda General Motors texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha asosiy alyans kelishuvi talab va cheklovlariga rioya etilishi talab qilinadi.
Eslatib o’tamiz, mazkur korxonani xususiylashtirish jarayonlari 2025-yilning mart oyida boshlangan edi. Keyinchalik Davaktiv “UzSungwoo” va “Xiva Plaza”ni sotib olish uchun ariza topshirish muddatini 15-sentabrgacha uzaytirgan. Noyabr oyida kelib ma’lum qilinishicha, kompaniyasini sotib olish uchun to‘rt investor qiziqish bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ