UzNIF fondi $1,95 mlrdga baholanib, davlat aksiyalarining 30% qismini sotadi
Joylashtirish jarayoni 12-maygacha davom etib, savdolar ikki birjada o‘tkaziladi
O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (UzNIF) oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) bo‘yicha birlamchi ommaviy taklif (IPO) jarayonini boshladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Arizalar qabul qilish bugundan boshlandi va 2026-yil 12-mayga qadar davom etadi. Xalqaro investorlar uchun jarayon Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da, mahalliy investorlar uchun esa Toshkent vaqti bilan 17:00 da yakunlanadi.
Bitta depozitar tilxat narxi $25 etib belgilangan bo‘lib, u 64,7 ming dona aksiyaga teng. Mahalliy bozorda bitta oddiy aksiyaning narxi 4,65 so‘mni tashkil etadi.
Aksiyalarni joylashtirish bo‘yicha yagona sotuvchi sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etmoqda.
Fond qimmatli qog‘ozlarini Respublika fond birjasi “Toshkent”da joylashtirishni, GDRlarni esa Buyuk Britaniyaning Moliyaviy nazorat boshqarmasi (FCA) ro‘yxatiga kiritib, keyinchalik London fond birjasida (LSE) savdoga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Umumiy chiqarilgan aksiyalar soni 5 trln donadan ortiq bo‘lib, fondning bozor bahosi $1,95 mlrd etib baholanmoqda. Savdo jarayonida davlat ustav kapitalining qariyb 30% qismini sotadi.
Sotiladigan aksiyalarning yakuniy hajmi 2026-yil 13-may kuni global koordinator bilan kelishilgan holda aniqlanadi.
Joylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich mahalliy va xorijiy institutsional hamda chakana investorlar uchun mo‘ljallangan. Ikkinchi bosqich esa faqat xorijiy institutsional investorlar uchun GDR shaklida taklif etiladi.
Yirik investorlar, jumladan BlackRock, Franklin Resources, Redwheel va Allan & Gill Gray Foundation fondlari allaqachon $300 mln miqdorida depozitar tilxatlarni xarid qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarni imzolagan.
Mahalliy savdolarda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga 5% chegirma beriladi. 12 mlrd so‘mgacha (taxminan $1 mln) ariza topshirilganda bitta aksiya narxi 4,41 so‘mga tushadi. Aksiyalarni Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group Inc brokerlari orqali xarid qilish mumkin. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan arizalar Jett platformasi orqali ham qabul qilinadi.
Savdolarda ishtirok etish uchun investorlar oldindan brokerlik hisobini ochishi zarur. London va Toshkent birjalarida erkin savdolar 2026-yil 18-maydan boshlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro taklif doirasida qo‘shimcha ravishda 15% gacha GDR joylashtirish opsionini ham taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ