O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bunday hamkorlikni ikki tomon uchun ham manfaatli deb hisoblashini aytdi

O‘zbekiston to‘lov tizimlari WeChat va Alipay bilan integratsiyalashishi mumkin

O‘zbekistonning ikkita milliy to‘lov tizimi Xitoyning yirik to‘lov platformalari, jumladan, WeChat va Alipay bilan integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Silk Road Finance & Technology Forum doirasida jurnalistlar bilan o‘tkazilganbrifingda ma’lum qildi.

Markaziy bank raisining aytishicha, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lgani sababli, ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish masalasi ham kun tartibidagi muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.

To‘lov tizimlarini bog‘lash bo‘yicha muzokaralar ketmoqda

Matbuot anjumanida jurnalistlardan biri O‘zbekistonning Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va uning tarkibiy qismi sifatida ko‘rilayotgan “Raqamli Ipak yo‘li” (Digital Silk Road) bilan integratsiyasi qanchalik muhimligi haqida savol berdi.

Timur Ishmetovning aytishicha, Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarning kengligi to‘lov infratuzilmasini ham rivojlantirishni talab qiladi.

Agar sizda yirik iqtisodiy hamkor bo‘lsa, keyingi qadam — to‘lov tizimlarini qanday integratsiya qilish masalasi doimo kun tartibida bo‘ladi, — dedi Markaziy bank raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi muzokaralarni Markaziy bank emas, balki bozordagi xususiy to‘lov kompaniyalari olib bormoqda.

Ikkita milliy to‘lov kompaniyamiz ham xususiy. Ular allaqachon Xitoyning to‘lov kompaniyalari bilan integratsiya bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Hech bo‘lmaganda WeChat, Alipay va boshqa tizimlar bilan, — dedi Ishmetov.

Markaziy bank jarayonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor

Ishmetov ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik va biznes aloqalari kuchayib borayotganini qayd etdi. Uning fikricha, Xitoy va O‘zbekiston fuqarolari uchun qulay to‘lov mexanizmlarini yaratish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.

Xitoydan O‘zbekistonga ko‘plab odamlar keladi, bizdan ham ko‘plab odamlar u yerga boradi. Shuning uchun samarali to‘lov va biznes hisob-kitoblari tizimini yaratish hamma uchun manfaatli, — dedi u.

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, regulyator to‘lov tizimlari o‘rtasidagi muzokaralarga bevosita aralashmayapti. Biroq Markaziy bank ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlash va zarur yordam ko‘rsatishga tayyor.

Bozorning o‘zi muzokaralar olib bormoqda. Biz esa Markaziy bank sifatida o‘z qo‘llab-quvvatlashimiz va yordamimizni ko‘rsatishga tayyormiz, — dedi Timur Ishmetov.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi
/
Jahon banki gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln ajratdi
O‘zbekiston va Ozarbayjon neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
/
O‘zbekiston va Ozarbayjon neft mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi
/
Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi