O‘zbekiston va Gruziya yuk tashish uchun elektron ruxsatnomalarga o‘tdi
E-Permit tizimining joriy etilishi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtiradi
O‘zbekiston va Gruziya xalqaro avtomobil yuk tashuvlari uchun ruxsatnomalarni raqamli shaklda berish tizimini ishga tushirdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi platforma logistika tashkilotlariga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan. Endilikda ikki davlat o‘rtasidagi, tranzit hamda uchinchi davlatlarga yuk tashish yo‘nalishlarida qo‘llanilgan qog‘oz ruxsatnoma blankalari muomaladan chiqariladi.
Tashuvchilar barcha zarur ruxsatnomalarni faqat onlayn shaklda oladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qog‘oz hujjatlardan voz kechish inson omili ta’sirini kamaytirib, nazorat mexanizmini yanada shaffof qiladi. Raqamlashtirish ikki davlat transport korxonalari uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va kutish vaqtini ham sezilarli qisqartiradi.
Tomonlar E-Permit platformasini ishga tushirish bo‘yicha tegishli memorandumni Shavkat Mirziyoyevning iyul oyidagi Tbilisiga tashrifi davomida imzolagan. Shu davrda davlatlar bojxona sohasida ma’muriy ko‘maklashish to‘g‘risidagi bitimni ham tasdiqlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ