O‘zbekiston gaz qazib olishni kuchaytirib, Ustyurt loyihalarini kengaytiradi

SOCAR bilan hamkorlik kengaymoqda, loyihaga BP ham jalb etilishi mumkin

O‘zbekiston gaz qazib olishni kuchaytirib, Ustyurt loyihalarini kengaytiradi

O‘zbekistonda neft-gaz sohasini rivojlantirish va gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish bo‘yicha ishlar jadallashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida qo‘shimcha gaz hajmlari yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjudlarini ta’mirlash hamda texnologik tadbirlar hisobiga ta’minlangan. Yil davomida ushbu ishlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, qazib olish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2D va 3D seysmik tadqiqotlar uchun istiqbolli hududlar tanlab olinmoqda, zamonaviy monitoring va modellashtirish texnologiyalari joriy etilmoqda. Shuningdek, zaxiralardan foydalanish koeffitsientini oshirish va murakkab qazib olinadigan resurslarni jalb etish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamrayevning ma’lum qilishicha, Ustyurt platosidagi konlarni o‘zlashtirish loyihalarida allaqachon SOCAR ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, loyihaga British Petroleumni jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston ushbu britan kompaniyasi bilan mahsulotni taqsimlash bitimi doirasida muzokaralar olib borgan. Kompaniya uzoq muddatli hamkorlik, jumladan qazib olish, texnologiyalar va energetika infratuzilmasi yo‘nalishlariga qiziqish bildirgan.

Ustyurt loyihasi geologik-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorod qazib olishni nazarda tutadi. Besh yil ichida qidiruv ishlari amalga oshirilib, kamida bitta razvedka qudug‘ini burg‘ilash rejalashtirilgan. Loyihaning operatori sifatida SOCAR faoliyat yuritadi.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, loyiha doirasidagi resurslar 100 mln tonnagacha neft va 35 mlrd kub metr gazni tashkil etishi mumkin. Umumiy investitsiya hajmi esa taxminan $2 mlrdga baholanmoqda.

Yig‘ilish yakunida prezident gaz qazib olish barqarorligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda barcha loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Mustaqillik kunida o‘zbekistonliklarni to‘rt kunlik dam olish kunlari kutmoqda
/
Mustaqillik kunida o‘zbekistonliklarni to‘rt kunlik dam olish kunlari kutmoqda
Toshkentda $173 mln evaziga issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 7 ta stansiya quriladi
/
Toshkentda $173 mln evaziga issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 7 ta stansiya quriladi
O‘zbekistonda yil boshidan 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi
/
O‘zbekistonda yil boshidan 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi