Rossiya O‘zbekistonga AES qurilishi uchun imtiyozli kredit ajratadi
Moskva, shuningdek, yoqilg‘i yetkazib berish, obyektga xizmat ko‘rsatish va yadroviy chiqindilarni utilizatsiya qilishni ta’minlaydi
Фото: Sputnik
Rossiya Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi qurilishi uchun O‘zbekistonga imtiyozli shartlarda kredit ajratadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin loyiha ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosimda ma’lum qildi.
Bo‘lajak energoblok poydevoriga ilk beton quyish marosimi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ishtirokida videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Shu tariqa yirik energetika obyektini qurish loyihasi amaliy bosqichga o‘tdi.
Loyiha doirasida “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan har biri 1000 MVt quvvatga ega bo‘lgan “3+” avlodidagi ikkita yirik reaktor, shuningdek, har biri 55 MVt quvvatli ikkita kichik energoblok qurilishi nazarda tutilgan. Stansiya foydalanishga topshirilgach, yiliga qariyb 17 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va mamlakat ichki ehtiyojining 15% igacha qismini qoplaydi. Kutilishicha, loyiha butun Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qurilish ishlari mahalliy pudratchilar va qurilish materiallari yetkazib beruvchilarini keng jalb qilish imkonini beradi. Qurilish maydonchasida jami 15 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Moliyalashtirishdan tashqari, Rossiya tomoni AESning butun hayotiy sikli davomida qator majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oladi. Jumladan, reaktor yoqilg‘isini uzoq muddat yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish va ishlatilgan yadro materiallari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Shuningdek, tinch atom texnologiyalarini tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda joriy etish uchun texnologiyalar transferi ham rejalashtirilmoqda.
Bo‘lajak stansiya uchun kadrlar tayyorlash ishlari allaqachon boshlangan. Hozirda 400 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaning ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bo‘lsa, yana 300 nafardan ortiq talaba Toshkentdagi MIFI filialida ta’lim olmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ