O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishiga rasman start berildi

Qurilish jarayonlari Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida olib borilmoqda

O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishiga rasman start berildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga rasman start berildi. Marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham qatnashdi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin hamda Rafael Grossiga mazkur strategik loyihani shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislarining mehnati alohida e’tirof etildi.

Loyiha O‘zbekistonning texnologik, sanoat va ilmiy rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi. U mamlakatda yangi tarmoq — atom energetikasini shakllantirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi. Qayd etilishicha, loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik quvvatli energetika sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan.

Marosimda davlat rahbari atom energetikasi sohasida xavfsizlik mutlaq ustuvor shart ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiyani qurish va ishga tushirishga tayyorlash jarayonlari eng yuqori xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish ishlari ilg‘or muhandislik yechimlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, jarayonlar Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida olib borilmoqda.

Tomonlar ushbu yirik energetika loyihasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Kapital.uz avvalroq O‘zbekistondagi AES loyihasi Rossiya sanoatiga $24,7 mlrdgacha foyda keltirishi haqida xabar bergandi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov bayonot qilishicha, qurilish bosqichida kiritilgan har bir rubl byudjetga 1,5 rubl sifatida qaytadi, stansiya ishga tushgach esa bu ko‘rsatkich 2 rublgacha oshadi. Loyiha Rossiyaning o‘zida ham mingga yaqin mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi.

“O‘zatom” agentligi rahbari Azim Axmedxodjayevning ta’kidlashicha, loyiha doirasida asosiy ustuvor yo‘nalish xavfsizlik hisoblanadi. Shuningdek, tomonlar ishlab chiqarish va xizmatlarning kamida 29–30% ini mahalliylashtirishga kelishib olgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Raqobat qo‘mitasi TBC Group’ga oid kompaniyaning OLX’ni sotib olishini ma’qulladi
/
Raqobat qo‘mitasi TBC Group’ga oid kompaniyaning OLX’ni sotib olishini ma’qulladi
Transport vaziri: Temiryo‘lda chipta tanqisligining asosiy sababi — vagonlar yetishmasligi
/
Transport vaziri: Temiryo‘lda chipta tanqisligining asosiy sababi — vagonlar yetishmasligi
Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
/
Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi