UzAutoMotorsʼni sotib olishga uchta davlatdan xaridor qiziqish bildirdi
Davaktiv xabar berishicha, qiziqishlar bildirilgani kompaniya unga sotiladi degani emas
Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvi UzAutoMotors kompaniyasini xarid qilish boʻyicha takliflar kelib tushmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktyabr kuni Toshkent shahrida oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Kapital.uz jurnalisti xabar berishicha, tadbirda kompaniyani xususiylashtirish boʻyicha strategiya ishlab chiqilayotgani bildirilgan.
Bugungi kunda bizga takliflar kelib tushmoqda. Xususan, Amerika, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan qiziqish bildirilgan. Lekin qiziqishlar bildirilgani kompaniya unga sotiladi degani emas. Vasvasaga tushishmaslik lozim. Chunki bu bizni raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy taʼsir qilib qolishi mumkin. Ochiq, xalqaro savdo oʻtkazamiz, dedi agentlik rahbari.
Sohibjon Murodovning aytishicha, hozirda kompaniyani xususiylashtirish strategiyasidan kelib chiqib, ishlar rejasi tayyorlanyapti. Navbatdagi bosqichda savdolarni tashkillashtiradigan xalqaro konsultant aniqlanadi. Oʻz navbatida konsultant aktivni baholash jarayonlarini amalga oshiriladi.
Va parallel ravishda auditdan oʻtkaziladi. Keyingi bosqichda biz investorlarga eʼlon qilamiz. Xalqaro kanallar orqali mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi. Yaʼni qiziqish bildiruvchi talabgorlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni yigʻamiz, dedi tashkilot direktori.
Jarayonda bir qator shartlar bajarilgach, muloqotga oʻtiladi. Keyin sotuv jarayonlari eʼlon qilinadi.
Avvalroq UzAutoMotors AJni sotishga tayyorgarlik ishlari boshlangani xabar qilingandi. Prezidentning 2025-yil apreldagi qarorida UzAutoMotors (99,7%) va UzAutoMotors Powertrain (100%) kompaniyalarini xususiylashtirish belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ