Toshkent metrosi uchun 14 ta yangi elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda

Loyihaning umumiy qiymati kompaniya va moliyalashtirish shartlariga qarab $168,6 mlndan $357,4 mlngacha baholangan

Toshkent metrosi uchun 14 ta yangi elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda

Toshkent metropoliteniga 14 ta 5 vagonli elektropoyezdlar xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahri kengashi qarorida belgilangan.

Rejaga ko‘ra, jami 70 ta vagondan iborat tarkibda ikkita boshqaruv kabinasiga ega motorli vagon, ikkita oraliq motorli vagon va bitta oraliq tirkamali, ya’ni dvigatelsiz vagon bo‘ladi.

Konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida olti vagonli poyezdlar varianti ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Toshkent metropolitenidagi mavjud bekatlar platformalarining uzunligi taxminan 100 metrni tashkil etadi. Shu sababli olti vagonli poyezdlarni qabul qilish uchun bekatlarni qayta qurish talab etilishi mumkin. Standart vagonlar uzunligini hisobga olganda, besh vagonli tarkib mavjud platformalarga mos kelishi qayd etilgan.

Yettita ishlab chiqaruvchining taklifi

Konsepsiyada xalqaro ishlab chiqaruvchilarning tijorat takliflari va xalqaro bitimlari asosida yettita variantning narxi, moliyalashtirish shartlari hamda loyihaning umumiy qiymati solishtirilgan.

Ularga Xitoyning CRRC, Yaponiyaning Kawasaki Rail Car, Ispaniyaning CAF, Fransiyaning Alstom, Rossiyaning GTR (Transmashholding), Chexiyaning Škoda Transportation va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyalari kiradi.

Konsepsiyadagi hisob-kitoblarga ko‘ra, poydezdlarni yetkazib berish, depo va texnik xizmat ko‘rsatish inshooti hamda moliyaviy xarajatlarni o‘z ichiga olgan loyihalarning umumiy qiymati quyidagicha:

Ishlab chiqaruvchi Moliyalashtiruvchi tashkilot Loyihaning umumiy qiymati
CRRC, Xitoy Xitoy Eksimbanki $168,64−$169,67 mln
Hyundai Rotem, Janubiy Koreya Koreya Eksimbanki $184,13−$184,22 mln
Alstom, Fransiya Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki $217,28−$219,56 mln
CAF, Ispaniya Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki $229,95−$232,37 mln
GTR, Rossiya “MPR” MCHJ $247,95−$251,93 mln
Škoda Transportation, Chexiya Chexiya Eksport banki $279,99−$282,29 mln
Kawasaki Rail Car, Yaponiya Osiyo taraqqiyot banki $356,21−$357,37 mln

CRRC variantida 14 ta besh vagonli elektropoyezdni yetkazib berish narxi $118,3 mln, bitta poyezdning narxi esa $8,45 mln etib hisoblangan. Depo va texnik xizmat ko‘rsatish inshooti uchun $10,13 mlnlik xarajat ham loyiha hisob-kitobiga kiritilgan.

Hyundai Rotem variantida bitta poyezd narxi $12,81 mln bo‘lib, moliyalashtirishning bazaviy foiz stavkasi 0,05% ni tashkil etadi. CRRC uchun bu ko‘rsatkich 3 foiz, Kawasaki Rail Car uchun 2%, Alstom uchun 5,65% va Rossiyaning GTR varianti uchun 9% qilib belgilangan.

Rossiya variantining farqli jihati — mavjud depo va infratuzilmadan foydalanish imkoniyati. Shu sababli yangi depo va maxsus texnik uskunalar xarajati hisobga kiritilmagan. Biroq kredit foizi yuqori bo‘lgani uchun loyihaning umumiy qiymati CRRC va Hyundai Rotem variantlaridan ko‘proq.

Hujjatda Siemens kompaniyasi O‘zbekistondagi vakolatxonasi orqali texnik yechimlari Toshkent metropoliteni talablariga javob bermasligini bildirgani va shu sababli tijorat taklifini taqdim etmagani ham qayd etilgan.

Yangi vagonlarning texnik xususiyatlari

Konsepsiyada yangi vagonlarni amaldagi 81−717/714 modellari bilan taqqoslash ham keltirilgan. Yangi vagonlarda 110 kVt quvvatli doimiy tok dvigatellari o‘rniga 170 kVt quvvatli asinxron tortish dvigatellaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Bu yechim energiya sarfini kamaytirish, texnik xizmat va ta’mirlash xarajatlarini qisqartirish hamda tormozlash jarayonida energiyaning bir qismini elektr tarmog‘iga qaytarish imkonini berishi qayd etilgan.

Yangi bosh vagonning uzunligi 20,12 metr, oraliq vagonniki 19,14 metr bo‘lishi ko‘rsatilgan. Vagon korpusining kengligi 2,684 metrni tashkil etadi. Pol balandligi eski vagonlardagi 1 213 millimetrdan 1 160 millimetrgacha pasaytirilishi yo‘lovchilarning, jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning poyezdga chiqib-tushishini osonlashtirishga qaratilgan.

Bosh vagonda 40 ta, oraliq vagonda esa 44 ta o‘rindiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bir vagonning tik turgan yo‘lovchilarni sig‘dirish ko‘rsatkichi zichlikka qarab 176 kishidan 330 kishigacha belgilangan.

Loyihaning muddati

Konsepsiyaga ko‘ra, loyihaning investitsiyadan oldingi bosqichi 2026-yil davomida amalga oshirilishi va 12 oygacha davom etishi rejalashtirilgan. Bu bosqichda poyezdlarni yetkazib berish, ularni qabul qilish va foydalanishga topshirish, shuningdek, depo hamda texnik ko‘rik punktlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilgan.

Poyezdlarni yetkazib berish, qabul qilib olish va foydalanishga topshirish jarayoni 10 oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Iyul oyida Toshkent metrosi harakat tarkibini yangilash doirasida yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd keltirilgandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tailand elektron vizasini rasmiylashtirishda texnik nosozliklar kuzatilmoqda
/
Tailand elektron vizasini rasmiylashtirishda texnik nosozliklar kuzatilmoqda
Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirish va IPO’ga chiqarish ishlari boshlandi
/
Uzbekistan GTL’ni xususiylashtirish va IPO’ga chiqarish ishlari boshlandi
UzAutoMotorsʼni sotib olishga uchta davlatdan xaridor qiziqish bildirdi
/
UzAutoMotorsʼni sotib olishga uchta davlatdan xaridor qiziqish bildirdi