Toshkent metrosiga yana 3 ta yangi poyezd olib kelindi
Yil oxirigacha metro parki yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibi bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan
Foto: “Toshkent metropoliteni” DUK
Toshkent metrosi harakat tarkibini yangilash doirasida yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd keltirildi, deya xabar bermoqda metropoliten matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ushbu poyezdlarni yo‘nalishlarga chiqarish oraliq intervallarni yanada qisqartirish, tashish quvvatini oshirish hamda foydalanish muddati tugayotgan eski turdagi vagonlarni bosqichma-bosqich almashtirish imkonini beradi.
Yangi harakat tarkiblari yoz faslida sovutish, qishda isitish tizimlari bilan jihozlangan.
Yil yakuniga qadar poytaxt metrosi uchun yana 11 ta yangi harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.
Metro ma’muriyati 2025-yil noyabr oyida 2026-yilda 56 ta yangi vagon (14 ta poyezd) sotib olinishini e’lon qilgandi. So‘nggi to‘rt yil ichida Toshkent metrosi Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 41 ta yangi poyezdni qabul qilib olgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ