Raqobat qo‘mitasi kreditdan ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini o‘zgartirishni taklif qildi

Ayrim banklarda ortiqcha to‘langan mablag‘lar tranzit hisobvaraqlarda qolib, asosiy qarz kamaymasa ham unga foiz hisoblanishda davom etmoqda

Raqobat qo‘mitasi kreditdan ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini o‘zgartirishni taklif qildi

Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob mexanizmini iste’molchilar foydasiga qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka taklif yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.

Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Hamkorbank”ning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq belgilangan. Biroq amalda ushbu talab bajarilmayotgani, ortiqcha mablag‘ tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanishi, bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi ma’lum bo‘lmoqda.

Vaholanki, ortiqcha to‘langan mablag‘ning asosiy qarzga yo‘naltirilmasligi va unga foiz hisoblanishining davom etishi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid hisoblanadi. Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomga ko‘ra, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim, bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak, deyiladi qo‘mita xabarida.

Yuqoridagilarga ko‘ra, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va intizomli kredit to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida qo‘mita Markaziy bankka quyidagi takliflarni kiritdi:

  • joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
  • kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita qonun darajasida, xususan, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solish.

Raqobat qo‘mitasi bu borada xorijiy tajribani ham keltirdi. Qayd etilishicha, AQSHning ayrim banklarida mijoz ilovada Principal Only (“faqat asosiy qarz uchun”) belgisini tanlab, ortiqcha mablag‘ni bevosita asosiy qarzga yo‘naltirishi mumkin. Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olish nazarda tutilmagan. Qozog‘istonda kredit muddatidan oldin jarimasiz so‘ndiriladi, qisman so‘ndirishda esa bank bilan kelishilgan holda oylik to‘lov kamaytiriladi yoki kredit muddati qisqartiriladi. Yevropa Ittifoqida muddatidan oldin so‘ndirishda qolgan muddatga tegishli foiz va xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan.

Sentyabr oyining oxirlarida Markaziy bank fuqarolarning o‘zi va oila a’zolari doimiy yashaydigan yagona uy-joyini kredit bo‘yicha garov sifatida qabul qilishda ularning manfaatlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlarni inobatga olish yuzasidan tijorat banklariga tavsiyalar yuborgandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Google O‘zbekiston talabalariga $60 lik Gemini obunasini bepul taqdim etadi
/
Google O‘zbekiston talabalariga $60 lik Gemini obunasini bepul taqdim etadi
Misr O‘zbekistondan boradigan sayyohlar uchun kirish tartibini o‘zgartiradi
/
Misr O‘zbekistondan boradigan sayyohlar uchun kirish tartibini o‘zgartiradi
O‘zbekiston va Turkmaniston Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzadi
/
O‘zbekiston va Turkmaniston Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzadi