UzAuto Motors gibrid Chevrolet Equinox PHEV savdosini boshladi
Krossover ikki komplektatsiyada taqdim etilgan bo‘lib, narxi 463,5 mln so‘mdan boshlanadi
UzAuto Motors O‘zbekistonda gibrid Chevrolet Equinox PHEV krossoveri savdosini boshlaganini e’lon qildi. Ushbu model mahalliy bozorda Chevrolet’ning plug-in gibrid kuch qurilmasiga ega ilk avtomobili bo‘ldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Avtomobil ikki xil komplektatsiyada — Activ 80KM va Activ 120KM’da taqdim etilgan. Ular akkumulyator sig‘imi va elektr tortish kuchida harakatlanish masofasi bilan farqlanadi.
Activ 80KM versiyasida sig‘imi 17 kVt·soat bo‘lgan LFP akkumulyatori o‘rnatilgan bo‘lib, u benzin dvigatelidan foydalanmasdan 80 kmgacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Activ 120KM esa 24 kVt·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan va elektr quvvati hisobiga 120 kmgacha harakatlana oladi.
Akkumulyator to‘liq quvvatlangan va yonilg‘i baki to‘liq to‘ldirilgan holatda krossoverning umumiy yurish masofasi 1 ming km dan oshadi.
Krossoverning gibrid kuch qurilmasi 1,5 litrli benzinli turbo dvigatel, 188 ot kuchiga ega elektromotor va ikki bosqichli DHT gibrid transmissiyasidan tashkil topgan.
Avtomobil adaptiv kruiz-nazorat, avtomatik favqulodda tormozlash, yo‘l chizig‘ida ushlab turish, ko‘rish zonasidagi avtomobillarni nazorat qilish hamda 360 darajali aylanma kamera tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, oltita xavfsizlik yostig‘i va yo‘l belgilarini aniqlash tizimi mavjud.
Salonida raqamli asboblar paneli, smartfon uchun simsiz quvvatlash qurilmasi va panoramali lyuk o‘rnatilgan. Old o‘rindiqlar isitish va shamollatish funksiyalariga ega.
Chevrolet Equinox PHEV Activ 80KM’ning tavsiya etilgan chakana narxi 463,5 mln so‘mni, Activ 120KM versiyasi esa 478,5 mln so‘mni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ