O‘zbekistonda 2024-yilda uy-joylar asl narxidan 17% qimmatladi — Markaziy bank

Ipoteka kreditlarining 92% i uy-joy sotib olishga sarflangan

O‘zbekistonda 2024-yilda uy-joylar asl narxidan 17% qimmatladi — Markaziy bank

Markaziy bank 2024-yilga oid Moliyaviy barqarorlik ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgarayotganini tahlil qildi. Qayd etilishicha, mamlakatda uy-joylar narxi o‘sishi to‘xtagan bo‘lsa-da, qiymat hali ham yuqori.

Uylar asl narxidan qimmatligicha qolmoqda

2024-yilda O‘zbekistonda uylar narxlari keskin o‘smadi, lekin bozordagi narxlar hali ham uylarning asli (fundamental) qiymatidan 17% yuqori. O‘tgan yili uy narxlari yillik o‘sish surʼati 18,2% ni tashkil etdi, biroq bu 2023-yildagidan 14,2% ga kam.

Tahlil qilinishicha, banklarda ipoteka krediti berish shartlari qiyinlashgani va aholining real daromadiga mos narxlar shakllana boshlashi tufayli talab pasaygan.

Yil davomida ipoteka kreditlari qimmatlashib, foizlari oshdi. Qarzni to‘lash muddati qisqartirilgani hisobiga ipoteka kreditlari uchun xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘sgan. Natijada oylik to‘lov qiymati ko‘tarilib, odamlarda kreditga uy olish imkoni toraygan.

Yil davomida o‘rtacha ish haqi 17,8% o‘sgan bo‘lsa, ipoteka to‘lovlari miqdori 44% ga ko‘tarilgan. Buning taʼsirida odamlarning uy olish qobiliyati 27% ga pasaygan.

Uy-joy sotib olish kamaydi

O‘tgan yili respublikada jami 329 mingta uy sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga qaraganda 2,2% kam. Mazkur pasayishga ipoteka olishdagi cheklovlar va bozordagi narxlarning qisman reallashuvi sabab bo‘lgan.

2023-yil yakunida O‘zbekistonda jami 7,5 mlnta uy-joy bo‘lgan. Bu aholining har 5 nafariga 1 ta uy to‘g‘ri kelishini anglatadi.

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, banklardagi kreditlarning 13% i ipotekaga to‘g‘ri kelgan. Markaziy bank sharhiga qaraganda, bu ko‘rsatkich banklar uchun katta xatar yaratmaydi.

Ipoteka kreditlari bilan bog‘liq vaziyat

O‘tgan yili aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari miqdori 17,1 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 92% i uy-joy sotib olishga sarflangan. Yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari soni 58,9 mingtani tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 14% ga kamaygan.

Mamlakatning mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholisi tarkibida ipoteka krediti mavjud jismoniy shaxslar ulushining o‘sish surʼatida ham sekinlashish kuzatilgan. Jumladan, 2024-yil yakunida har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga to‘g‘ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar soni 18 kishini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 7% ga o‘sgan. Shuningdek, 2024-yilda har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga to‘g‘ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar sonining o‘sish surʼati 2023-yilga nisbatan 4% bandga kamaygan, — deya maʼlum qilgan Markaziy bank.

O‘tgan yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha miqdori 291 mln so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 18 foizga oshdi. Bunda uy-joy bozor narxlarining o‘sishi ajratilgan ipoteka kreditlari o‘rtacha miqdorining ortishiga taʼsir ko‘rsatdi.

Banklar tomonidan ipoteka krediti ajratish standartlari biroz qatʼiylashdi. 2024-yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha tortilgan so‘ndirish muddati 16,6 yilni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 0,8 yilga qisqardi, —deya qayd etgan regulyator.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 2024-yilda o‘rtacha tortilgan ipoteka krediti foiz stavkasi 0,5% ga ortib, 19,8% ni tashkil etgan.

Sharhlanishicha, banklar ipoteka berish talablarini qatʼiylashtirgani ikki tomonlama taʼsir qilmoqda. Bir tomondan, kredit olish va uni to‘lash qiyinlashgani uchun odamlar uchun uy olish imkoniyati kamaydi. Ikkinchi tomondan, shunday qatʼiy talablar banklar uchun xavfni (yaʼni odamlar kreditni to‘lamay qo‘yishi ehtimolini) kamaytiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
/
Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
/
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi
/
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi