Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni xavf darajasiga qarab baholash tizimini joriy etishni taklif qildi
Xususan, past xavf guruhidagi tadbirkorlarda tekshiruvlar o‘tkazilmaydi
Фото: «РИА Новости»
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlarni takomillashtirish maqsadida “xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etishni taklif qildi. Yangi mexanizm orqali tadbirkorlar qonunchilik talablarini buzish ehtimoliga qarab baholanadi va tegishli xavf toifalariga ajratiladi.
Nizom loyihasiga ko‘ra, elektron tizim raqobat muhiti, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, reklama faoliyati, davlat xaridlari hamda tovar-xomashyo birjalari sohalarida huquqbuzarliklar xavfini aniqlash uchun xizmat qiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, xavf tahlili natijalari tadbirkorlarga nisbatan avtomatik ravishda jazo choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi. Shuningdek, baholash jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab qilish taqiqlanadi.
Yangi tizim doirasida tadbirkorlik subyektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga bo‘linadi. Yuqori va o‘rta xavf guruhiga kiruvchi subyektlarga nisbatan birinchi navbatda profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi.
Faqat profilaktika choralari yetarli bo‘lmagan yoki qonunchilik talablarini buzish xavfi saqlanib qolgan holatlarda tekshiruv tashabbus qilinishi mumkin. Bu esa nazorat tadbirlarini xavf darajasi yuqori bo‘lgan subyektlarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Past xavf toifasiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmasligi belgilanmoqda. Bu halol faoliyat yuritayotgan biznes vakillariga ortiqcha ma’muriy bosimni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihada tekshiruvlarning qonuniyligi va ochiqligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, tekshiruv boshlanishidan oldin Biznes-ombudsmanni xabardor qilish tartibi ham joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ