Kimyo sanoatida serpentinitni qayta ishlashga $200 mlnlik loyihalar boshlanadi
Ishga tushirilgan maishiy kimyo ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun $50 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda geologiyada aniqlangan xomashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida 550 mln tonna natriy va kaliy, shuningdek, 20 mln tonna bentonit zaxiralari mavjud. Ushbu xomashyolar asosida kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qo‘shilgan qiymatni uch barobargacha oshirishi mumkin.
Shuningdek, Jizzax viloyatida 1,5 mln tonna va Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxiralari aniqlangan. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu xomashyoga sulfat kislotasi bilan ishlov berish orqali tonnasi $5 minggacha bo‘lgan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinitni yanada chuqur qayta ishlash esa nikel, xrom va kobalt kabi elektrotexnika sanoati uchun muhim metallarni ishlab chiqarish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi strategik xomashyo zaxiralarini uch yil ichida ikki barobarga oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Serpentinitni qayta ishlash yo‘nalishida esa kamida $200 mlnlik investitsiya loyihalarini boshlash vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda maishiy kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, mintaqadagi maishiy kimyo mahsulotlari bozori hajmi $2 mlrdga baholanmoqda.
Misol tariqasida, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan korxona bilan hamkorlik qilayotgan Germaniyaning “Henkel” kompaniyasi keltirildi. Kompaniya ushbu korxonani sotib olib, kelgusida mahsulotlarni MDH davlatlariga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Shunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida Toshkentdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo ishlab chiqarish loyihalariga ajratiladi. Ishga tushirilgan korxonalarni tayyor biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarni moliyalashtirish uchun $50 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Hududlardagi shunga o‘xshash tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi orqali $15 mln ajratiladi. Mutasaddilarga maishiy kimyo yo‘nalishida kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi dastur ishlab chiqish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ