Yirik korxonalar 2028-yildan boshlab uglerod solig‘ini to‘lashi mumkin

Yangi ekologik yig‘imni ishga tushirishga tayyorgarlik bosqichi 2027-yilga mo‘ljallangan

Yirik korxonalar 2028-yildan boshlab uglerod solig‘ini to‘lashi mumkin

O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari uchun karbonat angidrid (CO₂) chiqindilariga maxsus soliqni bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish instituti taqdimotida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.

Taqdimotga ko‘ra, 2027-yilda yangi tizimni joriy etish uchun tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Bu davrda atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmi baholanadi, to‘lovlarni hisoblash bazasi va tariflari ishlab chiqiladi, shuningdek, yangi tizim tatbiq etiladigan korxonalar ro‘yxati shakllantiriladi.

Uglerod solig‘ini 2028-yildan boshlab joriy etish rejalashtirilgan. Dastlab u faqat yirik ishlab chiqarish korxonalariga tatbiq etiladi. Keyinchalik esa soliq to‘lovchilari ro‘yxatini kengaytirish mumkin. Shuningdek, 2029–2030-yillar davomida tarif stavkalarini tasdiqlangan jadval asosida bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

Hozircha soliqning aniq mezonlari, jumladan, to‘lov miqdori va qamrovi ishlab chiqilmoqda. Davlat budjetiga ushbu mexanizmdan tushumlar 2028-yildan boshlab shakllanishi kutilmoqda.

Taqdimotda qayd etilishicha, soliqni hisoblashda atmosferaga chiqarilgan karbonat angidrid hajmi yoki iste’mol qilingan uglevodorod yoqilg‘isi miqdori asos qilib olinishi mumkin.

Loyiha mualliflari ushbu tashabbusni joriy etishning bir necha sababini keltirgan.

Birinchidan, atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq xarajatlar biznesning umumiy xarajatlari tarkibiga kiritiladi. Ikkinchidan, bu korxonalarni energiyadan samaraliroq foydalanishga va zararli chiqindilarni kamaytirishga rag‘batlantiradi.

Bundan tashqari, uglerod chiqindilarini baholash bo‘yicha milliy tizimning joriy etilishi mahalliy kompaniyalarga mahsulot eksporti jarayonida xorijiy bozorlarda qo‘llaniladigan qo‘shimcha ekologik yig‘imlar va jarimalardan qochish imkonini berishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentga $3 mlrd investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilmoqda
/
Toshkentga $3 mlrd investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston avgustda 16,1 ming tonna benzin import qildi
/
O‘zbekiston avgustda 16,1 ming tonna benzin import qildi
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar kursi pasaydi
/
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar kursi pasaydi