Davlat xaridlarida 23 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi uchta hukumat tashkilotiga nisbatan ish qo'zgadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qiymati 23 mlrd so‘mdan ortiq xarid jarayonlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tahlillar natijasida bir qator davlat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan tanlov savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilmagani aniqlangan.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan umumiy qiymati 9,1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 6 ta, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan qariyb 8 mlrd so‘mlik 6 ta hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qariyb 6,7 mlrd so‘mlik 10 ta tanlov savdolarida qoidabuzarliklar qayd etilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu xaridlarda raqobatni cheklovchi yoki bunga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, buyurtmachi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash maqsadida tegishli materiallar sud organlariga yuborilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ