O‘zbekistonda turistik obyektlar tungi vaqtda ham ishlaydi
Madaniy meros obyektlari va muzeylarga kirish chiptalari raqamlashtiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda turistik obyektlarning tungi vaqtda faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati keltirilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Ichki ishlar vazirligiga 2025-yil dekabriga qadar madaniy meros obyektlari va muzeylarga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish yuklatilgan.
Ushbu hujjatda madaniy meros obyektlari va muzeylarga kirish chiptalarini raqamlashtirish va oldindan xarid qilish imkoniyatini yaratish hamda turistik obyektlarning tungi vaqtda faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2025-yil noyabrigacha “Moddiy-madaniy meros obyektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish to‘g‘risida” prezident qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Unga muvofiq, tegishli moddiy madaniy meros obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida uzoq muddatga ijaraga berishning yagona Heritage Hotels of Uzbekistan dasturi ishga tushiriladi. Davlat sherigi sifatida “Heritage Hotels of Uzbekistan direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Obyektlarda restavratsiya-tiklash ishlari ushbu davlat sherigi orqali Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, xalqaro yuqori toifali mehmonxona tarmoqlari jalb qilinadi, butik mehmonxonalar tashkil qilish davlat tomonidan rag‘batlantiriladi. Dastur ishtirokchilari foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan to‘liq miqdorda muayyan muddatga ozod qilinadi va ularga bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ