O‘tgan yilda transport sohasiga $2,1 mlrd investitsiya kiritildi — Jamshid Qo‘chqorov
Monetary Policy Dialogue 2026 forumida moliya vaziri O‘zbekistonning transport, logistika va mintaqaviy integratsiya yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarini ma’lum qildi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda transport va logistika sohasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi ortib bormoqda. Faqat 2025-yilning o‘zida ushbu yo‘nalishga $2,1 mlrd investitsiya jalb etilgan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Monetary Policy Dialogue 2026 forumida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda xalqaro rivojlanish hamkorlari bilan birgalikda umumiy qiymati $14 mlrddan ortiq bo‘lgan transport va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Yirik loyihalardan biri yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘lib, u O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik aviatsiya markaziga aylantirishi kutilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar transport aloqalarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Natijada O‘zbekiston bugungi kunda dunyoning qariyb 200 ta davlati bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. So‘nggi besh yilda mamlakatning tashqi savdo aylanmasi ikki barobardan ortib, $81 mlrdga yetgan. Qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmi esa $8,3 mlrdni tashkil etgan.
Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) tobora muhim strategik transport yo‘nalishiga aylanmoqda. Ushbu koridorning umumiy yuk tashishdagi ulushi 2021-yildagi 20% dan 2025-yilda 28% gacha oshgan. Bunga temiryo‘l infratuzilmasi, logistika va bojxona tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiyalar sabab bo‘lgan.
Transport infratuzilmasining yaxshilanishi turizm rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. So‘nggi besh yilda turizm eksporti $400 mlndan qariyb $5 mlrdgacha oshgan, xorijiy sayyohlar soni esa 2 mln nafardan 12 mln nafargacha ko‘paygan.
Forumda vazir transport va logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha oltita ustuvor yo‘nalishni ham sanab o‘tdi. Ular orasida Sharq va Janub yo‘nalishidagi yangi temiryo‘l koridorlarini rivojlantirish, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi transport yo‘laklarini kengaytirish, CAREC dasturi doirasida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirish bor.
Shuningdek, Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichiga kirganini ta’kidlab, bu mamlakat iqtisodiy rivojlanishida muhim tarixiy bosqich bo‘lishini qayd etdi.
Uning fikricha, Markaziy Osiyoning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishi transport aloqalarini kengaytirish, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga bevosita bog‘liq.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ