O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori yillik hisobda barqarorlikni qayd etgan
Biroq fevralda Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida sotuvlar 20% ga kamaygan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Fevral oyida ko‘chmas mulk bozorida savdolar yanvar oyiga nisbatan 12%ga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qilmoqda.
Xususan, oldi-sotdi shartnomalari soni 22,4 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga solishtirganda shartnomalar soni o‘rtacha 1% ga o‘sdi yoki 221 ta bitimga oshdi.
Hududlar kesimida sotuvlar Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida 20%dan ko‘proqqa kamaygan. Toshkent shahrida ham oldi-sotdi bitimlar soni 9,5%ga pasaygan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Ikkilamchi uy-joy narxlari 0,6%ga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 1% ga oshdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Jizzax va Xorazm viloyatlarida kuzatilib, o‘rtacha 8%ni tashkil etdi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxi 0,3% ga pasayib, birlamchi uy-joy narxi 2,5% ga oshdi.
O‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5,1% ga, birlamchi uy-joy narxi esa 3,1% ga pasaydi.
Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (8,5%), Chilonzor (6,9%) va Yashnobod (6,6%) tumanlarida kuzatildi.
Yangi turar joylar
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Uchtepa (10,1%), Shayxontohur (10,1%) va Mirobod (9,1%) tumanlarida qayd etildi.
Uy-joy ijara bozori
Fevralda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxlarida biroz pasayish (- 0,8%) kuzatilib, o‘rtacha ijara narxi $8,0 ni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10 ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 9,8%ga pasaygan. Eng katta pasayish Yunusobod (13,7%), Chilonzor (12,5%) va Olmazor (12,2%) tumanlarida qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ