Toshkentda ikkita yangi metro yo‘nalishi tezlashtirilgan usulda quriladi

“Texnopark — Yangi Toshkent” va “Pushkin — TTZ” yo‘nalishlarini 2028-yil kuzigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda

Toshkentda ikkita yangi metro yo‘nalishi tezlashtirilgan usulda quriladi

Toshkentda “Texnopark — Yangi Toshkent” va “Pushkin — TTZ” yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lovchi tashish uchun temir yo‘l liniyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu Transport vazirligi tomonidan e’lon qilingan qaror loyihasida nazarda tutilgan.

TTZ yo‘nalishidagi tarmoqning uzunligi 11 kilometrni tashkil etib, unda 10 ta bekat va bitta depo quriladi. Yangi Toshkent tomon yo‘naladigan liniya esa 21 kilometrni qamrab olib, 9 ta stansiyani o‘z ichiga oladi. Loyihani amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasi mas’ul etib belgilangan.

Loyihalar fast-track tizimi asosida amalga oshiriladi. Mazkur usul loyihalash, qurilish materiallarini xarid qilish va montaj ishlarini bir vaqtning o‘zida olib borishni nazarda tutadi.

Qurilish ishlari Yevropa Ittifoqining shaharsozlik standartlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Yangi Toshkent yo‘nalishining birinchi bosqichini 2026-yilning o‘zida yakunlash, butun transport majmuasini esa 2028-yil kuzida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Qurilish davrida muqobil harakat yo‘nalishlari tashkil etilib, avtobuslar qatnovining uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. TTZ avtostansiyasi boshqa joyga ko‘chiriladi, uning ma’muriy binosi esa loyiha koordinatorlariga topshiriladi.

Shuningdek, shahar transportining bir qismi Qadrdon va Gulsanam ko‘chalari kesishmasiga, qolgan yo‘nalishlar esa Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi sobiq avtovokzal hududiga yo‘naltiriladi. TTZgacha qatnovni amalga oshirib kelayotgan viloyat avtobuslari Qibray avtostansiyasiga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, mazkur transport tugunini metropoliten bilan bog‘lash uchun brutto-kontrakt tizimi asosida yangi avtobus yo‘nalishini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bir oy muddatda yangi yo‘nalishlar qurilishi hududiga tushadigan yer uchastkalari, bino-inshootlar va yashil hududlarni inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Qonunga xilof ravishda egallangan hududlar amaldagi tartib asosida bo‘shatiladi.

Davlat organlari uch oy muddatda olib qo‘yiladigan mol-mulk egalari uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmini ishlab chiqadi. Ayrim qishloq xo‘jaligi yerlari esa sanoat toifasidagi yer uchastkalariga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari ham tekshiruvdan o‘tkaziladi. Infratuzilmani ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar balansda saqlovchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi, xarajatlarning bir qismi esa 2027-yilgi respublika budjeti hisobidan qoplanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Vyetnam xorijliklar uchun majburiy elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy etdi
/
Vyetnam xorijliklar uchun majburiy elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy etdi
O‘zbekistonda aholi egaligidagi avtomobillar soni 4,9 mln donadan oshdi
/
O‘zbekistonda aholi egaligidagi avtomobillar soni 4,9 mln donadan oshdi
O‘zbekistonda dollar kursi 12 ming so‘mdan pastladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi 12 ming so‘mdan pastladi