Toshkentda 2026-yilda 18 ta yangi turizm koʻchasi tashkil etiladi
Shuningdek, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish oʻrni yaratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Oʻzbekiston ovozi koʻchasida tashkil etilgan gastronomik turizm koʻchasi faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, koʻchada olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborning amaliy ifodasi boʻlgan.
Mazkur loyiha davlat rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Obyekt 2025-yil sentyabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.
Koʻchaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bogʻ faoliyat koʻrsatmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 40 mlrd soʻmni tashkil etadi. Koʻchada jami 165 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik subyekti uzluksiz ishlash tartibiga oʻtgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Prezidentga shu yerning oʻzida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik koʻchalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta koʻcha tun-u kun faoliyat yuritishga oʻtdi. Bu yoʻnalishga 540 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy koʻrsatkichlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Koʻchalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi taʼminlangan.
2026-yilda yana 18 ta yangi turizm koʻchasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish oʻrni yaratish rejalari haqida maʼlumot berildi.
Prezident Mirzo Ulugʻbek tumanida gastronomik turizm koʻchalari sonini yanada koʻpaytirish, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ