“Toshkent-Sharqiy” aeroporti “Toshkent-Humo” deb qayta nomlandi
Yangilangan havo bandargohining ilk mehmoni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bo‘ldi
Фото: пресс-служба президента
“Toshkent-Sharqiy” aeroportiga yangi — “Toshkent-Humo” nomi berildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
“Toshkent-Humo” havo bandargohida Qozog‘iston rahbarini Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Qayd etilishicha, qisqa suhbat davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Asosiy tadbirlar shanba kuniga belgilangan — oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi, shuningdek, yetakchilar raisligida Oliy hukumatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Sammit yakunida yirik qo‘shma loyihalar ishga tushirilishi va ikki tomonlama hujjatlar paketi imzolanishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hukumat va biznes aviatsiyaga mo‘ljallangan ushbu havo bandargohi ilk bor rasmiy ravishda xorijiy yetakchini qabul qildi.
Avvalroq “Toshkent-Sharqiy” aerodromi bazasida harbiy-transport aviatsiyasi joylashgan edi. Yangi kompleks qurilishi 2017-yilda boshlangan. Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev ishlar yakunlanganini ma’lum qilgan va shundan so‘ng bandargoh texnik parvozlarni qabul qila boshlagan.
Kompleksning umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etadi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi (uzunligi 4 km) va uchta yo‘lakcha rekonstruksiya qilindi, bu esa og‘ir toifadagi samolyotlarni ham qabul qilish imkonini beradi. Aeroportda VIP va CIP terminallari, jumladan, yuqori martabali mehmonlar uchun uchrashuv va brifinglar tashkil etishga mo‘ljallangan maxsus zal faoliyat ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ