Toshkent–Samarqand pulli yo‘lida 12 ta kirish-chiqish punkti tashkil etiladi
Shuningdek, magistral qurilish tugashini kutmasdan, bosqichma-bosqich ochilishi mumkin
Mavjud Toshkent–Samarqand avtomobil yo‘li orqali kuniga o‘rtacha 55–60 mingta transport vositasi harakatlanadi. Yangi pulli avtomagistral qurilishi natijasida poytaxtdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 2–2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining “Avtoyo’linvest” agentligi direktor o‘rinbosari Asliddin Isayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Isayevning ta’kidlashicha, loyiha bo‘yicha yirik investor kompaniyalar bilan muzokaralar yakunlangan. Hozirda moliyalashtirishning asosiy shartlari yuzasidan oldi-sotdioldi (predogovor) muhokamalari olib borilmoqda. Yaqin vaqt ichida amaliy qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Loyihaga, jumladan, jahonning top-100 taligiga kiruvchi yirik Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda.
Pulli yo‘lida 12 ta kirish-chiqish punkti tashkil etiladi. Magistral to‘liq raqamlashtiriladi hamda tunu kun ishlaydigan intellektual transport tizimlari bilan jihozlanadi.
Yangi yo‘l Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi katta halqa avtomobil yo‘lidan boshlanib, Samarqand viloyatida yakunlanadi. Trassa amaldagi yo‘lga parallel ravishda quriladi.
Yo‘l haqi yakuniy muzokaralar natijasida, investorlar takliflari inobatga olingan holda belgilanadi. Tariflar aholining to‘lov qobiliyati hisobga olingan holda tasdiqlanishi ma’lum qilingan.
Toshkent–Samarqand pulli avtomagistralini 5 yil ichida qurib bitkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yo‘lni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, eng yuqori transport oqimi Toshkent–Sirdaryo uchastkasida kuzatiladi. Shu bois investorlar bilan muzokaralarda ayrim qismlarni alohida bosqichlarda ishga tushirish masalasi ham muhokama qilinadi.
Tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asosga ko‘ra, loyiha qiymati $2,25 mlrd etib baholangan. 140 km masofada grunt mustahkamlanadi, 7,2 km hududda tosh-shag‘al kolonkalari yordamida mustahkamlash ishlari olib boriladi, 132,8 km qismda esa zaif grunt qum-shag‘al aralashmasi bilan almashtiriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 12 ta transport chorrahasi, 60 ta tunnel o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich va 258 ta suv o‘tkazuvchi inshoot qurilishi rejalashtirilgan.
Pulli avtomagistralning asosiy texnik ko‘rsatkichlari:
- yangi qurilish — 100%;
- umumiy uzunligi — 282 km;
- toifasi — I-a darajadagi 6 polosali avtomagistral;
- qurilish muddati — 5 yil;
- yo‘l qoplamasi — sement-beton;
- hisobiy tezlik — 150 km/soat;
- kutilayotgan sutkalik harakat intensivligi — 50 mingta avtomobil;
- to‘lov punktlari — 12 ta;
- yo‘lbo‘yi servis obyektlari — har ikki tomonda 6 tadan;
- o‘q yuklamasi — 13 tonna;
- polosalar kengligi — 3,75 metr;
- harakatda tortishni o‘lchash tizimi — WIM (dinamik tortish texnologiyasi).
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ