Jensen Huang Nvidia rahbari lavozimiga qayta tiklandi

Huangning boyligi bir kechada $32 mlrdga oshib, $144,4 mlrdga yetdi

Jensen Huang Nvidia rahbari lavozimiga qayta tiklandi

Nvidia kompaniyasi Jensen Huang rais, bosh ijrochi direktor hamda direktorlar kengashi a’zosi lavozimiga qayta tiklanganini ma’lum qildi. Qaror chiqqan zahoti kuchga kirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi.

Direktorlar kengashi Huang bilan bir qator muzokara va uchrashuvlar o‘tkazgandan so‘ng tegishli qarorni bir ovozdan qabul qilgan. Kengash Huangning samimiyligi va kompaniyani boshqarish qobiliyatiga ishonch hosil qilgan.

Qaror qabul qilish jarayonida kengash AQSH hukumatining yuqori doiralaridan ham tegishli ma’lumotlarni olgan. Shunga asoslanib, direktorlar kengashi Huangning lavozimga qaytishi milliy xavfsizlikka hech qanday tahdid solmasligiga ishonch bildirgan.

Nvidia bosh direktori lavozimiga tiklangan Jensen Xuangning boyligi bir kechada $32 mlrddan ko‘proqqa oshib, $144,4 mlrdga yetdi. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, Xuang dunyoning eng badavlat odamlari reytingida 13-o‘ringa ko‘tarildi. Nvidia’ning bozor kapitallashuvi esa $3,04 trlnga yetdi.

Kengash va Jensen Huang munosabati

Direktorlar kengashi raisi Harvi Jonsning ta’kidlashicha, Huang kompaniya aksiyadorlari, xodimlari, hamkorlari va mijozlari manfaatlariga eng mos rahbardir.

Kengash Jensen Nvidia’ni boshqarish uchun eng munosib inson ekaniga va uning lavozimga qaytishi aksiyadorlarimiz, xodimlarimiz, hamkorlarimiz hamda mijozlarimiz manfaatlariga to‘la mos kelishiga ishonadi. Biz Jensenga to‘liq ishonamiz va u kompaniya boshqaruviga qaytganidan so‘ng u bilan birga ishlashni intizorlik bilan kutyapmiz. Shuningdek, vaqtinchalik bosh direktor sifatidagi ajoyib xizmatlari hamda Nvidia moliya direktori lavozimidagi faoliyati uchun Kolett Kressdan minnatdormiz, dedi direktorlar kengashi raisi Harvi Jons.

Qayd etilishicha, Harvi Jons kengash raisi lavozimida qoladi. Jensen Huangning o‘zi ham kompaniya boshqaruviga qaytganidan mamnunligini bildirdi.

Yangi sanoat inqilobi boshlanayotgan bir paytda Nvidia’ga qaytish va dunyodagi eng muhim texnologiya kompaniyalaridan birini boshqarish men uchun sharaf. Bu mas’uliyatni katta kamtarlik va yangilangan sadoqat bilan qabul qilaman. Bu jarayondagi ishonchi va mulohazakorligi uchun direktorlar kengashiga rahmat aytaman.

Ayniqsa, kengash raisi sifatidagi yetakchiligi uchun Harvi Jonsga, bu davrda Nvidia’ni boshqarib turgani uchun Kolett Kress va rahbariyat jamoamizga alohida minnatdorlik bildiraman. Xodimlarimiz, aksiyadorlarimiz, soha yetakchilari va butun dunyodagi hamkorlarimizga favqulodda qo‘llab-quvvatlov uchun chuqur tashakkur izhor etaman. Eng avvalo, oilamning mehri va daldasi uchun minnatdorman. Ishga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman, dedi Jensen Huang.

Tekshiruvlar va xavfsizlik choralari

Jensen Huang xorijiy razvedka nishoniga aylangani haqidagi xabarlar ortidan direktorlar kengashi vaziyatni o‘rganish uchun faqat mustaqil direktorlardan iborat qo‘mita tuzgan edi. Qo‘mita tekshiruvga yordam berish uchun mustaqil yuridik maslahatchilarni ham jalb qilgan. Kengash ushbu tekshiruv oxirigacha yetkazilishini yana bir bor tasdiqladi. Jensen Huang tekshiruvni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va u bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Bundan tashqari, kengash yaqinda savdo qoidalariga rioya etilishi va milliy xavfsizlik xavflarini nazorat qilish uchun Milliy xavfsizlik va eksport nazorati qo‘mitasini ham tashkil etdi. U ham faqat mustaqil direktorlardan iborat bo‘lib, milliy xavfsizlik masalalarida tajribali huquqshunoslar va ekspertlarni jalb qilmoqda.

Shuningdek, Nvidia kompaniya ichidagi qonun-qoidalarga rioya etilishini nazorat qiluvchi yangi — komplayens bo‘yicha bosh direktor lavozimiga nomzod qidirishni boshladi. U bevosita Nominatsiyalar va korporativ boshqaruv qo‘mitasiga hisobot beradi. Kompaniya davlat idoralari olib borayotgan amaldagi tekshiruv va surishtiruvlarda hamkorlikni davom ettiradi.

Ma‘lumot o‘rnida, Huang 12-noyabr kuni shaxsiy hayoti bilan bog‘liq mojaro ortidan lavozimidan ketgandi. U Singapurdagi Megaspeed kompaniyasining sobiq rahbariyati vakili Elis Huang bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. AQSH rasmiylari uni Xitoy razvedkasi bilan aloqadorlikda gumon qilgan. Pekin esa bu ayblovlarni rad etgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent markazida City Palace o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
/
Toshkent markazida City Palace o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
Turonbank Chori Mirzayev bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yana bayonot berdi
/
Turonbank Chori Mirzayev bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yana bayonot berdi
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” chegara posti 25-noyabr kuni ochiladi
/
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” chegara posti 25-noyabr kuni ochiladi