Prezident Toshkent–Samarqand pullik avtomagistrali qurilishiga start berdi

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan 282 kilometrlik avtomagistral tufayli borish vaqti 2,5 soatgacha qisqaradi

Prezident Toshkent–Samarqand pullik avtomagistrali qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent—Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Prezident Toshkent—Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi. Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi.

Yo‘lga og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20-24% ga pasayishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent—Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.

Davlat rahbari Xiva—Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent—Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yo‘lni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.

“Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz”, dedi prezident va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.

Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3% ga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 milliondan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.

Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.

Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi avtomagistral loyihasi ilk bor 2026-yil mart oyida taqdim etilgandi. O‘shanda yo‘l besh yil davomida qurilishi, u avtomobil yo‘llarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga mos bo‘lishi ma’lum qilingan edi. May oyidagi taqdimotda ham ushbu avtomobil yoʻlini qurish loyihasi koʻrib chiqilgandi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududidan o‘tadi.

Shuningdek, “Avtoyo’linvest” agentligi direktor o‘rinbosari Asliddin Isayevga ko’ra, pulli yo‘lida 12 ta kirish-chiqish punkti tashkil etiladi

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valyutalar qimmatlashdi
“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda
/
“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
/
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi