“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda

Sobiq boshqaruv raisiga o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan

“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida “O‘zbekneftgaz»ning sobiq boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov va yana sakkiz nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Bu haqdagi ma’lumot jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida ko‘rib chiqish uchun tayinlangan jinoyat ishlari ro‘yxatida keltirilgan. Sudya sifatida Jasurbek Ubaydullayev ish olib bormoqda.

Bahodir Sidiqov bilan birga quyidagilar ham ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida ishtirok etmoqda:

  • Enter Engineering vakili Ulug‘bek Usmonov;
  • Eriell Management vakili Nodirjon Boboyev;
  • “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Anarkulov (2019-yil aprel oyida u “O‘ztransgaz” moliya bo‘yicha boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi lavozimidan “Lukoyl»dan 600 mln dollarlik qarz sabab chetlatilgan edi);
  • “O‘zbekneftgaz” xaridlar departamenti boshlig‘i Dilmurod Burxonov;
  • “O‘zbekneftgaz” qoshidagi Maxsusenergogaz korxonasi rahbari Dilshod Hakberdiyev;
  • Alisher Ochilov;
  • Hamidulla Asatov;
  • Mas’udjon Hoshimov.

Sidiqovga qanday ayblovlar qo‘yilgan?

Sud jadvaliga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz»ning sobiq rahbariga bir nechta epizod bo‘yicha ayblov e’lon qilingan:

  • Jinoyat kodeksining 167-moddasi 1-qismi hamda 3-qismi “a” va “v” bandlari — aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, jumladan o‘sha harakat juda ko‘p miqdorda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilishi;
  • 205-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari — juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
  • 209-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari — takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, yoxud uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan mansab soxtakorligi.

Qolgan ayblanuvchilarning aksariyatiga juda ko‘p miqdorda va uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, shuningdek mansab soxtakorligi ayblovlari qo‘yilgan.

“O‘zbekneftgaz” rahbarining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Anarkulovga qo‘shimcha ravishda juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda va uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish aybi ham qo‘yilgan.

Nodirjon Boboyev esa faqat o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish haqidagi modda bo‘yicha ayblanmoqda.

Yanvarda Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” va Davaktiv agentligida katta taftish ketayotganini, ular faoliyatida milliardlab so‘mlik talon-torojlik aniqlanganini aytgandi. Davlat rahbari har ikki tashkilot faoliyatini nazorat qilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining mas’uliyatini tekshirish va korrupsiya sxemalarini fosh etishni topshirgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
/
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Yil boshidan Toshkent iqtisodiyotiga $4,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi
/
Yil boshidan Toshkent iqtisodiyotiga $4,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi
O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi
/
O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi