Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Hujjat banklar va to‘lov xizmatlari uchun yangi majburiyatlarni belgilash, shuningdek, kiberfiribgarlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishni nazarda tutadi

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi raqamli muhitdagi jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda. Vazirlik ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatini muvofiqlashtirish, kiberjinoyatlarni aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, mas’ul idoralar faoliyatini uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Qonun loyihasi banklar, to‘lov tashkilotlari va internet xizmatlari ko‘rsatuvchilari zimmasiga ham qo‘shimcha majburiyatlar yuklaydi. Ular shubhali moliyaviy operatsiyalarni yanada qat’iy nazorat qilishi, yuzaga kelayotgan tahdidlar haqida vakolatli organlarni tezkor xabardor qilishi hamda elektron dalillarning ishonchli saqlanishini ta’minlashi lozim bo‘ladi.

Hujjatda internet firibgarligi qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ular uchun huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, shuningdek, buzilgan huquq va manfaatlarni tiklash hamda aholining moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha bilimini oshirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, moliyaviy piramidalarni tezkor aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish tartiblari ishlab chiqiladi. Kiberxavflar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida almashish hamda aholining raqamli gigiyena ko‘nikmalarini rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida qonun loyihasi qayta ishlanib, turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlashtirilgan hamda davlat organlarining vakolat va javobgarligi aniq belgilab berilgan.

Endilikda hujjat Senatda ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng u prezident imzolashi uchun yuboriladi va barcha belgilangan tartib-taomillar yakunlangach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi joriy yil bahorida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda deputatlar SIM-kartalar, to‘lov vositalari, kriptohamyonlar va akkauntlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik joriy etishni ham konseptual jihatdan ma’qullagandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda
/
“O‘zbekneftgaz” sobiq rahbari Bahodir Sidiqovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda
Yil boshidan Toshkent iqtisodiyotiga $4,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi
/
Yil boshidan Toshkent iqtisodiyotiga $4,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi
O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi
/
O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi