O‘zbekistonda To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi

Yangi tuzilma bankrotlik jarayonlarini tartibga solish va ularni raqamlashtirish bilan shug‘ullanadi

O‘zbekistonda To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bankrotlik tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjat bilan Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, yangi agentlik ushbu yo‘nalishdagi yagona davlat siyosatini yuritadi. Uning asosiy vazifalari qatoriga bankrotlik sohasidagi choralarni amalga oshirish, nazorat va tartibga solish, tegishli davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek jarayonlarni elektron shaklga o‘tkazish va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish kiradi.

Amaldagi Sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi maqomi o‘zgartirilib, o‘zini o‘zi boshqaruvchi Sud boshqaruvchilari palatasiga aylantiriladi. Palata hududiy vakolatxonalari orqali barcha mutaxassislarni birlashtiradi.

2026-yil 1-iyuldan sud boshqaruvchilarini o‘qitish huquqi yangi Palata, Yuristlar malakasini oshirish instituti hamda qonunchilik talablariga javob beruvchi boshqa ta’lim muassasalariga beriladi.

Palata boshqaruvchilar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki ularni safdan chiqarish, shuningdek sudga ularni lavozimdan chetlatish bo‘yicha murojaat kiritish vakolatiga ega bo‘ladi. Agar kreditorlar qo‘mitasi yoki Agentlik sanatsiya boshqaruvchisi nomzodini tanlamasa, sud uni Palata ro‘yxati asosidagi elektron tizim orqali tayinlaydi.

Mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash tizimi bazaviy maosh va KPI ko‘rsatkichlari uchun ustamalardan iborat bo‘ladi. Sanatsiya rejasi bajarilgani uchun mukofot to‘lanadi, ish sifatsiz bajarilgan taqdirda esa sud kreditorlar qarori asosida to‘lov miqdorini kamaytirishi mumkin.

Hujjat korxonalar qarzining ortib ketishini jilovlash mexanizmlarini ham nazarda tutadi. 2026-yil 1-sentyabrdan kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblashni vaqtincha to‘xtatish va keyinchalik restrukturizatsiya qilishga ruxsat beriladi. Bu sudgacha sog‘lomlashtirish bosqichida banklar bilan kelishuv asosida, sud orqali sog‘lomlashtirishda esa sud qarori va kreditorlar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Shuningdek, soliq organlari garov, sug‘urta polisi yoki bank kafolati mavjud bo‘lsa, korxonalarning moliyaviy holatidan qat’i nazar to‘lovlarni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini beradi. Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati 20 kungacha qisqartiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-dekabrgacha bankrotlik ishlari uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Mastercard va OTB raqamli barqarorlik, SI va moliyaviy hammaboplik sohasida hamkorlikni mustahkamlaydilar
/
Mastercard va OTB raqamli barqarorlik, SI va moliyaviy hammaboplik sohasida hamkorlikni mustahkamlaydilar
O‘zbekistonda qurilish litsenziyalarini 5 daqiqada rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi
/
O‘zbekistonda qurilish litsenziyalarini 5 daqiqada rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda 2027-yildan 69 turdagi dori vositalari aholiga bepul beriladi
/
O‘zbekistonda 2027-yildan 69 turdagi dori vositalari aholiga bepul beriladi