Raqamli so‘mdan venchur fondigacha: Timur Ishmetov Milliy fintex rivojlanish strategiyasi haqida

Xususan, 2030-yilgacha O‘zbekistonda 5 ming nafar yosh fintech sohasida tayyorlanadi, Innovatsion xab va venchur fond rivojlantiriladi

Raqamli so‘mdan venchur fondigacha: Timur Ishmetov Milliy fintex rivojlanish strategiyasi haqida

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tkazilayotgan Silk Road Finance and Technology Forumida O‘zbekistonda fintech sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz nashri muxbiri.

Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 5 ming nafar yoshni moliyaviy texnologiyalar sohasida tayyorlash, Markaziy bankning Innovatsion xabi va ixtisoslashtirilgan venchur fondini rivojlantirish rejalashtirilgan. Forumda 74 mamlakatdan vakillar ishtirok etmoqda.

O‘zbekistonda fintex uchun milliy strategiya joriy etiladi

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy fintex rivojlanish strategiyasini joriy qilmoqda.

Strategiya innovatsiyalarni rivojlantirish, mutanosib tartibga solish, zamonaviy moliyaviy infratuzilmani shakllantirish, iste’dod va kapitaldan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fintech o‘sishi uchun mintaqaviy markazga aylantirishga qaratilgan.

Biz O‘zbekiston fintech sektorini yagona milliy tuzilma doirasida birlashtiradigan strategiyani ishlab chiqdik. Uning asosiy yo‘nalishlari innovatsiyalar, mutanosib tartibga solish, zamonaviy moliyaviy infratuzilma hamda iste’dod va kapitalga kirishni ta’minlashdan iborat, — dedi Markaziy bank raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan bir yil avval prezident farmoni bilan Markaziy bankka O‘zbekistonda fintech sektorini jadal rivojlantirish va moliyaviy innovatsiyalar uchun sharoitlarni kuchaytirish vazifasi yuklatilgan.

O‘sha vaqtda 2030-yilgacha fintex sohasiga $1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va 5 ming nafar yosh mutaxassisni tayyorlash maqsad qilingan.

Markaziy bank Innovatsion xab ochadi

Timur Ishmetov Markaziy bank huzurida Innovatsion xab tashkil etilganini ham ma’lum qildi.

Uning aytishicha, joriy yilning IV choragidan boshlab xabning ilk rezidentlarini qabul qilish boshlanadi. Tizim startaplar uchun inkubatsiya va akseleratsiyadan tortib, tartibga solish bo‘yicha ko‘mak hamda mahsulotlarni pilot sinovdan o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.

Xab orqali moliyaviy texnologiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirish va ularni bozorga olib chiqish uchun yagona muhit yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Markaziy bank huzurida venchur fond tashkil etildi

Markaziy bank raisi yana bir muhim tashabbus — ixtisoslashtirilgan venchur fond tashkil etilganini ma’lum qildi.

Hozirda fondni boshqarish bo‘yicha tajribali xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, Innovatsion xabda yaratilgan loyihalarni xalqaro bozorga olib chiqish va xalqaro investorlarni jalb qilish mexanizmi shakllantirilmoqda.

Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri loyihalarni Innovatsion xabdan xalqaro darajaga olib chiqadigan kanalni yaratmoqdamiz. Maqsad — investitsiya hajmini oshirish va xalqaro hamkor investorlarni jalb qilish, — dedi Ishmetov.

Kapital.uz avvalroq ushbu venchur fondiniy qiymati $50 mlnni tashkil qilishi haqida xabar bergandi.

CBDC bo‘yicha Oq kitob e’lon qilinadi

Forum doirasida Markaziy bank raqamli milliy valyuta — CBDC bo‘yicha Oq kitobni ham e’lon qilishi rejalashtirilgan.

Hujjatda raqamli valyutadan foydalanishning potensial ssenariylari, uning arxitekturasi, turli yondashuvlarning afzallik va cheklovlari hamda moliya tizimiga ta’siri ko‘rib chiqiladi.

Markaziy bank ushbu tadqiqot natijalari asosida CBDC bo‘yicha tajriba bosqichini boshlash va O‘zbekiston uchun maqbul modelni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i naqdsiz amalga oshirilmoqda — Markaziy bank raisi
/
O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i naqdsiz amalga oshirilmoqda — Markaziy bank raisi
Bosh vazir o‘rinbosari: O‘zbekiston inflyatsiyani 5%gacha tushirish va JSTga a’zolikni yakunlashni maqsad qilgan
/
Bosh vazir o‘rinbosari: O‘zbekiston inflyatsiyani 5%gacha tushirish va JSTga a’zolikni yakunlashni maqsad qilgan
Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘i barpo etish boshlandi
/
Yangi Toshkentda Ozarbayjon bog‘i barpo etish boshlandi