Bosh vazir o‘rinbosari: O‘zbekiston inflyatsiyani 5%gacha tushirish va JSTga a’zolikni yakunlashni maqsad qilgan
Jamshid Qo‘chqorov mamlakat iqtisodiyoti 10 yilda uch barobar o‘sgani, davlat qarzi YAIMga nisbatan 27% atrofida ekanini ham ma’lum qildi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston yaqin yillarda investitsiya darajasidagi suveren kredit reytingini olish, Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 24-avgust kuni Toshkentda Silk Road Finance & Technology Forum ochilishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, xususiy kapitalni jalb qilish va yangi moliyaviy vositalarni joriy etish O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Har qanday sektorning, jumladan, fintech sohasining muvaffaqiyatli rivojlanishi, oxir-oqibat, barqaror o‘sish va investitsiyalar uchun asos yaratadigan barqaror va qulay makroiqtisodiy sharoitlarga bog‘liq, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 10 yilda uch barobar o‘sdi
Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 6–7% o‘sishni namoyish etgan.
Shu davrda iqtisodiyotimiz hajmi uch barobar oshdi: yalpi ichki mahsulot qariyb $60 mlrddan $180 mlrdgacha ko‘paydi, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi jon boshiga YAIM ham shu davrda qariyb $1,9 mingdan 4,6 minggacha oshgan. Bu O‘zbekistonning o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar guruhiga yaqinlashishiga imkon bergan.
Inflyatsiya masalasiga to‘xtalar ekan, Qo‘chqorov bir necha yil davomida ikki xonali darajada bo‘lgan inflyatsiya hozir bir xonali ko‘rsatkichgacha pasayganini qayd etdi.
Bu yil inflyatsiya 6,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bizning maqsadimiz esa kelgusi yilda uni 5%lik ko‘rsatkichgacha tushirish, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari tashqi davlat qarzi YAIMga nisbatan qariyb 27% darajasida saqlanayotganini ma’lum qildi.
Byudjet intizomini saqlash biz uchun asosiy tamoyildir. So‘nggi yillarda byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3%dan past darajada ushlab turibmiz, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
U, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga berilayotgan tashqi baholar yaxshilanayotgani, O‘zbekistonning suveren kredit reytinglari oshayotgani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi ko‘payayotganini ta’kidladi.
Investitsiya reytingi, JST va davlat ishtirokini qisqartirish
Bosh vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, hukumat kelgusi o‘n yillikda investorlar va bozor ishtirokchilari uchun “qulay va prognoz qilinadigan muhit”ni ta’minlashni maqsad qilgan.
Inflyatsiyani belgilangan maqsadli darajagacha tushirish, byudjet intizomini saqlash va davlat qarzini oqilona hamda barqaror darajada ushlab turish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz, — dedi u.
Jamshid Qo‘chqorov hukumatning navbatdagi maqsadlari qatorida O‘zbekistonning investitsiya darajasidagi suveren kredit reytingini olishni ham sanab o‘tdi.
Biz investitsiya darajasidagi suveren kredit reytingiga erishish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirish va bozor islohotlarini davom ettirish ustida ishlaymiz, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar xususiy sektor rolini kuchaytirishi, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini chuqurlashtirishi va mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishi kerak.
“Texnologiyalar to‘siqlarni kamaytiradigan tizim”
Jamshid Qo‘chqorov tarkibiy islohotlar doirasida jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashgan zamonaviy, raqobatbardosh va inklyuziv moliyaviy tizimni shakllantirish rejalashtirilayotganini aytdi.
Bu texnologiyalar to‘siqlarni kamaytiradigan, innovatsiyalar rag‘batlantiriladigan va ishonch himoya qilinadigan tizim bo‘lishi kerak, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari mintaqaviy va xalqaro hamkorlik hamda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish rejalari haqida ham gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish kapitalning tezroq harakatlanishi va taqsimlanishi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi hamda moliyaviy resurslardan samaraliroq foydalanish orqali iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishi kerak.
Forum davomida ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslar kelgusi yillarda sezilarli amaliy natijalarga olib kelishiga va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonamiz, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ