O‘zbekistonda telekommunikatsiya bozori 2025-yilda 18,3% ga o‘sdi
5G, raqamli xizmatlar va mobil internet iste’moli ortishi fonida operatorlar daromadi 28,48 trln so‘mdan oshadi
O‘zbekistonda aloqa va telekommunikatsiya sohasi jadallik bilan rivojlanmoqda va tahlilchilarga ko‘ra, o‘sish sur’atlari dastlabki prognozlardan yuqori bo‘lmoqda. Bu haqda Nexign kompaniyasi va TelecomDaily axborot-tahlil agentligi hisobotida ma’lum qilindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat telekommunikatsiya bozori hajmi 24,87 trln so‘mni tashkil etib, 18,3% ga oshgan. Bu ko‘rsatkich avval prognoz qilingan 15% lik o‘sishdan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, o‘sish sur’ati 2024-yildagi 19,2% lik natijaga nisbatan biroz pasaygan.
Mintaqaviy taqqoslashda O‘zbekiston telekom bozori qo‘shni davlatlardan ancha yuqori o‘sishni namoyish etgan. Xususan, Qozog‘istonda o‘sish 11,8% ni, Qirg‘izistonda 8,1% ni, global o‘rtacha ko‘rsatkich esa 2,5% ni tashkil etgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, 2026–2028-yillarda soha o‘rtacha 12,1% sur’at bilan o‘sishda davom etadi. Joriy yilda bozor hajmi 28,48 trln so‘mga yetishi va 11,8% ga oshishi kutilmoqda. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 31,8 trln so‘mga, 2028-yilda esa 35 trln so‘mdan oshishi prognoz qilinmoqda.
Axborotlashtirish va aloqa xizmatlarining umumiy hajmi 2025-yilda 75,44 trln so‘mni tashkil etib, 29,7% ga o‘sgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkich 25% ga oshib, 97,85 trln so‘mga yetadi, 2029-yilga borib esa 146,89 trln so‘mga chiqishi kutilmoqda.
Operatorlar daromadining asosiy qismi internet xizmatlari (51%) va mobil aloqa (30%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, bulutli texnologiyalar, VPN va elektron xizmatlarni o‘z ichiga olgan B2B va B2G segmentlari ham muhim ulushga ega.
Ayni paytda eng keng tarqalgan aloqa standarti 4G (LTE) bo‘lib, u aholining 95–98% ini qamrab olgan. Mobil internet iste’moli esa ijtimoiy tarmoqlar, video platformalar, moliyaviy ilovalar va onlayn o‘yinlar hisobiga sezilarli oshmoqda.
Telekom kompaniyalari Toshkent va yirik shaharlarda 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazmoqda, ayrim hududlarda esa tijoriy ishga tushirish boshlangan. Shu bilan birga, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish operatorlar uchun xarajatlarni oshirmoqda.
2024-yil oxirida kuchga kirgan yangilangan qonunchilik sifat, ma’lumotlar xavfsizligi va infratuzilma standartlarini oshirdi hamda bozor raqobati uchun shaffof sharoitlar yaratdi. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” dasturi esa optik tolali tarmoqlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Nexign bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sergey Karpovning ta’kidlashicha, sohaning barqaror rivojlanishi uchun kompaniyalar yangi mahsulotlarni tez joriy etishi, iste’molchilar talabiga moslashishi va o‘z ekotizimlarini shakllantirishi zarur.
O‘rta muddatli istiqbolda Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va boshqa yirik shaharlarda 5G tarmoqlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Yirik shaharlarda optik tolali infratuzilma ustunlik qilishi, kam aholi zichligiga ega hududlarda esa simsiz aloqa va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanish kengayishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ