TBC Uzbekistan’ning sof foydasi 93 mlrd so‘mga yetdi
2026-yil 1-choragida tadbirkorlar uchun kreditlar ulushi umumiy portfelning 18% ini tashkil etdi
Фото: TBC
TBC Uzbekistan 2026-yilning dastlabki uch oyi uchun xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) bo‘yicha jamlangan moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Hisobot davrida ekotizim asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sishni qayd etdi. Servislarning oylik faol auditoriyasi 5,8 mln foydalanuvchini tashkil etdi. Tranzaksiyalar hajmi 31,1% ga oshib, 31,8 trln so‘mga yetdi. Depozit portfeli 24,3% ga o‘sib 7,1 trln so‘mni, kredit portfeli esa 3,4% ga oshib 10,4 trln so‘mni tashkil etdi. Chorak yakunida operatsion daromad 700 mlrd so‘m, sof foyda esa 93 mlrd so‘m bo‘ldi.
Kichik va o‘rta biznes yo‘nalishi ham o‘sishni namoyish etdi. Biznes kreditlarining umumiy portfeldagi ulushi 18 foizga yetdi. Mart oyi oxiriga kelib tizimda 67 mingta biznes-mijoz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 21 mingtasi faol foydalanuvchi hisoblanadi. Tadbirkorlar uchun maksimal kredit summasi 600 mln so‘mgacha oshirildi. BILLZ savdo boshqaruv platformasi orqali 5,8 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirilib, 6 mingta savdo nuqtasi qamrab olindi.
Chakana segment ham faol kengayishda davom etdi. TBC Salom debet kartalari soni 1 mln donadan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan besh baravar ko‘paydi. TBC Osmon kredit kartasidan 183 ming mijoz foydalangan bo‘lib, ushbu mahsulot kredit portfelining 9% ini tashkil etdi. BNPL muddatli to‘lov xizmatidan esa 190 ming faol foydalanuvchi foydalanmoqda. Kompaniya, shuningdek, arizalarni tezkor tasdiqlash imkoniyatiga ega avtokredit xizmatini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Texnologik yo‘nalishda TBC Uzbekistan “Lola” nomli sun’iy intellekt yordamchisini joriy etishni boshladi. Mazkur ishlanma Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng yaxshi fintex-innovatsiya sifatida Global Finance mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, QR-kod orqali to‘lovlar integratsiyasi amalga oshirilib, bank mijozlari payme hamkorlik tarmog‘idagi 20 mingta savdo nuqtasida to‘lov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ