TBC Uzbekistan kredit portfelini 2030-yilgacha $3 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda
Kelgusi besh yilda kompaniyaning umumiy sof foydasida O‘zbekiston ulushi 25% ni tashkil qilishi aytilmoqda
Фото: TBC
Gruziyadagi yetakchi moliyaviy guruh va O‘zbekistondagi raqamli moliyaviy ekotizim operatori TBC Bank Group Nyu-York shahrida investorlar uchun ilk Strategiya kunini o‘tkazdi. Tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirok etdi.
TBC Bank Group kompaniyasi TBC Uzbekistan’ni kengaytirish orqali mijozlar va hamkorlar uchun qo‘shimcha qiymat yaratish rejalarini e’lon qildi. 23 mln ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchiga ega ekotizim chakana xizmatlar bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Endilikda asosiy e’tibor biznes uchun mahsulot va xizmatlarni rivojlantirishga qaratiladi. Strategik maqsad — jismoniy shaxslar hamda mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun yagona raqamli platforma yaratish.
2030-yilgacha TBC Uzbekistan 10 mln oylik faol noyob foydalanuvchiga (MAU) erishishni, $3 mlrddan ortiq diversifikatsiyalangan kredit portfelini shakllantirishni va $250 mlnlik sof foyda ko‘rsatkichiga chiqishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kelgusi besh yilda Guruh umumiy sof foydasida O‘zbekiston ulushini 25% ga yetkazish maqsad qilingan.
Guruh miqyosida esa biznes ko‘lamini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Xususan, sof foydani $1 mlrddan oshirish, kredit portfelini $20 mlrdga yetkazish, oylik faol foydalanuvchilar sonini 12 mlngacha ko‘paytirish hamda O‘zbekistonning Guruh sof foydasidagi ulushini hozirgi 9% dan 25% gacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Oliver Hughes, TBC Digital Kuzatuv kengashi raisi, tadbir O‘zbekiston va Guruh uchun muhim bosqich ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tez o‘sayotgan rivojlanayotgan bozor sifatida islohotlar, qulay demografik omillar va raqamli iqtisodiyot sur’ati bilan ajralib turadi.
Vazir Laziz Qudratov esa TBC’ning O‘zbekistondagi faoliyatini yuqori baholab, kompaniya mamlakatdagi raqamli transformatsiya va iqtisodiy rivojlanishga sezilarli hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan islohotlar va barqaror iqtisodiy o‘sish O‘zbekistonni global investorlar uchun tobora jozibador bozorga aylantirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ