TBC Uzbekistan 4000+ kishi uchun ta’lim tizimini qanday yaratdi
Kompaniya Motivity platformasini joriy qilib, onboarding, rivojlanish, muloqot hamda majburiy o‘quv dasturlarini yagona tizimda birlashtirdi
TBC Uzbekistan’ning xodimlarni rivojlantirish borasidagi yondashuvi mutaxassislar hamjamiyati tomonidan tan olindi. “TBC Digital Academy — Learning Without Borders” loyihasi HeadHunter tomonidan tashkil etilgan HR-brend Markaziy Osiyo 2025 mukofotining “Mamlakat” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu natija ichki o‘qitish tizimini to‘liq raqamli ekotizimga aylantirish jarayonining mahsuli bo‘lib, u bilimlarni keng miqyosda tarqatish, biznes o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va barcha jamoalar uchun yagona rivojlanish tajribasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Biznesning tez o‘sishi deyarli har doim bir xil muammoga olib keladi — jamoa kengaygani sayin o‘qitish jarayonini bir xil darajada olib borish qiyinlashadi. Jamoalar o‘sadi, mahsulotlar yangilanadi, jarayonlar murakkablashadi, jamoaning tayyorgarlik darajasini saqlab qolish esa yanada resurs talab qiladigan jarayonga aylanadi.
Bu holatda mavjud an’anaviy formatlar — treninglar, workshoplar va alohida o‘quv dasturlari barcha jamoalar uchun yagona va tezkor moslashuvchan tayyorgarlikni ta’minlashga yetarli bo‘lmay qoldi.
Shu sababli kompaniya bilan birga rivojlana oladigan yagona ta’lim muhitini yaratish zarurati paydo bo‘ldi.
Tezlik, qulaylik va texnologiyalarga qaratilgan bunday yondashuv ichki muhitda ham o‘z aksini topadi. Chief Human Capital Officer Anna Silagadze ta’riflaganidek, TBC madaniyati — bu o‘zing bo‘lish erkinligi, yangi narsalarni sinab ko‘rishga jasorat, ambitsiya va qaror qabul qilishda ratsional yondashuvdir. Aynan shu qadriyatlar jamoaga mintaqa fintex sohasidagi raqamli o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolishga yordam beradi.
Alohida dasturlardan yagona tizimga
Asosiy vazifa — roli va joylashuvidan qat’i nazar, barcha jamoalar uchun ochiq bo‘lgan ichki raqamli ta’lim tizimini yaratish edi. Bunda yagona standartlar va rivojlanish mantig‘iga tayangan, tushunarli va aniq tuzilma qurish muhim bo‘lgan.
Ta’lim jarayoni alohida faoliyat emas, balki kundalik ishning bir qismiga aylanishi kerak edi. Shu maqsadda kompaniya Motivity platformasini joriy qilib, onboarding, rivojlanish, muloqot hamda majburiy o‘quv dasturlarini yagona tizimda birlashtirdi.
Ta’lim ish jarayonlariga qanday integratsiya qilindi
Tarqoq kurslar o‘rniga shaxsiy rivojlanish yo‘nalishlari va aniq rivojlanish mantig‘iga ega tartibli tizim paydo bo‘ldi. O‘qitish muntazam tus olib, kundalik ishning ajralmas qismiga aylandi.

Qo‘shimcha ravishda geymifikatsiya ham muhim rol o‘ynadi: hamkasblar ball to‘playdi, o‘z progressini kuzatib boradi va o‘qish jarayoniga faol jalb qilinadi. Shu bilan birga, platforma faqat rivojlanish yo‘nalishlarini emas, balki axborot xavfsizligi va komplayens bo‘yicha majburiy kurslarni ham qamrab olgan.
Biz uchun eng muhimi — o‘qitish alohida vazifa sifatida qabul qilinmasligi edi. Biz shunday tizim yaratishga intildikki, unda rivojlanish ish jarayonining o‘zida sodir bo‘ladi — inson bu nima uchun kerakligini va bu uning natijalariga qanday ta’sir qilishini tushunadi, — deya ta’kidlaydi L&D Senior Trainer Yekaterina Shvetsova.
Ko‘lam va ishtirok
Bugungi kunda tizim 4 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtiradi. Ta’lim esa uch tilda mavjud bo‘lib, barcha jamoalar uchun bir xil va qulay tajribani ta’minlaydi.

Ko‘rsatkichlar modelning barqaror ishlayotganini tasdiqlaydi:
- 1 mln 360 mingdan ortiq ko‘rish;
- 145 mingga yaqin tashrif;
- foydalanuvchi faolligi o‘rtacha 13 daqiqa.
Bundan tashqari, amaliy vositalar ham joriy etilgan, jumladan dialog trenajorlari — ular xodimlarga tezroq moslashishga va real ish vaziyatlarini mashq qilishga yordam beradi.
Bunday formatda o‘qitish endi faqat qo‘llab-quvvatlovchi funksiya emas. U operatsion modelning bir qismiga aylanib, mahsulotlarni tezroq ishga tushirish, jamoalarni moslashtirish va ichki tajribani saqlashga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ