O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $32,8 mlrdni tashkil qildi
Yil boshidan buyon eksport 15,5% ga qisqargan, biroq pasayish oltin sotilmagani bilan bog'liq
2026-yilning yanvar—may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $32,8 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,2 mlrdga yoki 3,7% ga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobot davrida eksport hajmi $12,6 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,5% ga kamaydi. Import esa aksincha, 20,8% ga o‘sib, $20,1 mlrdga yetdi. Natijada tashqi savdo balansi $7,5 mlrd miqdoridagi manfiy saldo bilan shakllandi.
Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti $6,5 mlrdni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 29,4% ga oshdi.
O‘zbekiston hisobot davrida dunyoning 185 dan ortiq davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. Tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 23,4% bilan yetakchilikni saqlab qoldi. Undan keyingi o‘rinlarni Rossiya (17,6%), Qozog‘iston (6,9%), Turkiya (3,7%) va Afg‘oniston (2,8%) egalladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlari bilan tovar ayirboshlash hajmi quyidagicha shakllandi:
| Davlat | 2026-yil yanvar–may (mln dollar) |
|---|---|
| Xitoy | 7 650,9 |
| Rossiya | 5 774,5 |
| Qozog‘iston | 2 267,0 |
| Turkiya | 1 197,8 |
| Afg‘oniston | 915,8 |
| Fransiya | 771,9 |
| Koreya Respublikasi | 747,8 |
| BAA | 746,6 |
| Germaniya | 501,9 |
| Qirg‘iziston | 469,0 |
| Hindiston | 465,0 |
| Turkmaniston | 427,9 |
| Belarus | 425,4 |
| AQSH | 418,5 |
| Tojikiston | 375,8 |
| Eron | 260,7 |
| Italiya | 215,1 |
| Polsha | 164,0 |
| Ukraina | 161,3 |
| Gonkong | 423,2 |
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng yirik o‘sish Xitoy bilan savdoda kuzatildi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir yil ichida $5,4 mlrddan $7,65 mlrdga yetdi. Rossiya bilan savdo hajmi ham $5,77 mlrdga, Qozog‘iston bilan esa $2,27 mlrdga ko‘tarildi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 63,7% ni tashkil etdi. Unda sanoat mahsulotlari (15,1%), har xil tayyor mahsulotlar (8,4%), kimyo mahsulotlari (8,3%) hamda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8%) asosiy ulushni egalladi.
Import hajmi esa $20,1 mlrdga yetdi. Uning tarkibida mashina va transport uskunalari (33,1%), sanoat mahsulotlari (15,3%) hamda kimyo mahsulotlari (12,3%) yetakchi o‘rinni egalladi.
Yanvar—may oylarida tovarlar importi $18,1 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $3,2 mlrdga oshdi. Xizmatlar importi esa $2,1 mlrdga yetdi.
Hisobot davrida O‘zbekiston 155 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar import qildi. Importning 70% dan ortig‘i Xitoy (32,3%), Rossiya (19,3%), Qozog‘iston (8,4%), Koreya Respublikasi (3,6%), Turkiya (3,4%), Germaniya (2,2%) hamda Hindiston (2,1%) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ