O‘zbekistonning tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi

To'rt oyda tashqi qarz $13,8 mlrdga oshgan, o‘sishning asosiy qismi korporativ sektor hissasiga to‘g‘ri keladi

O‘zbekistonning tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi

2026-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $82,2 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida mamlakatning yalpi tashqi qarzi $68,4 mlrd bo‘lgan. Shunday qilib, bir yil ichida tashqi qarz $13,8 mlrdga, ya’ni qariyb 20% ga oshgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarzning $40,5 mlrdi davlat tashqi qarzi, $41,7 mlrdi esa korporativ tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hisobot davrida davlat tashqi qarzi $4,7 mlrdga, korporativ tashqi qarz esa $9,1 mlrdga ko‘paygan.

Regulyatorning ta’kidlashicha, korporativ tashqi qarz tarkibiga xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan tashqi kreditlar kiradi.

Korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik subyektlari hamda banklarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi, — deyiladi Markaziy bank sharhida.

Shu bilan birga, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida mamlakatning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Ya’ni uch oy davomida yalpi tashqi qarz qoldig‘i $82,2 mlrd darajasida saqlanib qolgan.

Markaziy bank, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning tashqi qarz yuki past darajada ekanini baholaganini eslatdi. Bunga kreditlarning asosiy qismi imtiyozli shartlarda jalb qilingani sabab sifatida keltirilgan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, hukumat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzlarning eng yuqori hajmi $5 mlrd etib belgilangan. Ushbu mablag‘larning $2,5 mlrdi davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan $2,5 mlrdi esa investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Valyutadagi obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklar tayinlandi
/
Valyutadagi obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklar tayinlandi
O‘zbekistonda poyabzal eksportini $150 mlngacha yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda poyabzal eksportini $150 mlngacha yetkazish rejalashtirilmoqda
Birinchi chorakda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 13% ga ko‘paydi
/
Birinchi chorakda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 13% ga ko‘paydi