“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumiga start berildi
Loyihalar 15-iyuldan 3-avgustgacha qabul qilinadi, g‘oliblar esa 1-sentabr kuni e’lon qilinadi
15-iyuldan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2026-yilgi ikkinchi mavsumi start oladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, bu “Tashabbusli budjet” joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan o‘n birinchi mavsum hisoblanadi.
Mavsum doirasida loyihalarni qabul qilish 15-iyuldan 3-avgustgacha davom etadi. 4−18-avgust kunlari kelib tushgan takliflar saralanadi. 19−21-avgust kunlari esa loyihalarni targ‘ib qilish bosqichi o‘tkaziladi.
Ovoz berish jarayoni 22−31-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. An’anaviy ovoz berish yakunlariga ko‘ra g‘olib deb topilgan loyihalar 1-sentabr — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
Shuningdek, 1−10-sentabr kunlari qo‘shimcha g‘olib loyihalarni e’lon qilish bosqichi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
21-mart kuni “Tashabbusli budjet”ning 2026-yil 1-mavsum g‘olib loyihalari e’lon qilingandi. Fuqarolar tashabbuslari 10,2 mlndan ortiq ovoz to‘pladi. Maktablar, yo‘llar va boshqa obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha 1996 ta loyihaga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. 1-aprel kuni esa 47 ta loyiha qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topildi. Ularni moliyalashtirish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qarori bilan mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 18,2 mlrd so‘m ajratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ