“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi

Aholi jamoatchilik tashabbuslarini moliyalashtirishda bank ilovalari va elektron hukumat portali orqali mablag‘ yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi

“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi

O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet” dasturida jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yangi choralar tasdiqlandi. Unga ko‘ra, fuqarolar tashabbuslarni bank xizmatlari va elektron hukumat portali orqali birgalikda moliyalashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu prezident qarorida nazarda tutilgan bo‘lib, hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Joriy yilning 1-avgustidan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga qo‘shimcha g‘olib tashabbuslarni tanlash huquqi beriladi. Deputatlar o‘zlariga ajratilgan mavsumiy budjet doirasida bir nechta loyihani tanlashi mumkin bo‘ladi.

Agar deputat vakolatini muddatidan oldin tugatsa, tegishli saylov okrugi bo‘yicha yangi g‘olib tashabbuslarni tegishli komissiya qarori asosida boshqa deputatlar belgilaydi.

Shuningdek, tashabbuslarni birgalikda moliyalashtirish tartibi soddalashtiriladi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar mablag‘larni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Mazkur platformalarda moliyalashtirish uchun ochiq tashabbuslar ro‘yxati hamda yig‘ilgan mablag‘lar statistikasi real vaqt rejimida aks ettiriladi. Yig‘ilgan barcha mablag‘lar bevosita Fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, agar fuqarolar loyiha qiymatining 50% ini mustaqil yig‘sa, qolgan qismi davlat tomonidan avtomatik ravishda moliyalashtiriladi.

Agar zarur mablag‘ to‘planmasa, fuqarolar o‘z hissasini qaytarib olish uchun murojaat qilishi mumkin. Mablag‘lar 10 ish kuni ichida qaytariladi.

Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘i, ma’muriy xarajatlar, loyiha hujjatlarini tayyorlash va buyurtmachilar faoliyatiga oid xarajatlar Fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Fuqarolar mablag‘lari ushbu maqsadlarga sarflanmaydi.

Qaror bilan mahalliy ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar uchun ham alohida tartib joriy etildi.

Qiymati 2000 BHMgacha bo‘lgan (hozirgi hisobda 824 mln so‘m, 1-sentabrdan esa 880 mln so‘m) loyihalarni hududiy obodonlashtirish boshqarmalari amalga oshiradi. Ular loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha pudratchilarni tanlash uchun tanlovlar ham e’lon qiladi.

Loyiha hujjatlarini tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish va boshqa tashkiliy jarayonlar bilan bog‘liq xarajatlar ham Fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kasb o‘rganayotgan yoshlarga 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
Kasb o‘rganayotgan yoshlarga 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Ipoteka subsidiyasini olish tartibi o‘zgardi: endi maxsus omonat ochish talab etiladi
/
Ipoteka subsidiyasini olish tartibi o‘zgardi: endi maxsus omonat ochish talab etiladi
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $32,8 mlrdni tashkil qildi
/
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $32,8 mlrdni tashkil qildi