O‘zbekistonda parranchalik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
Xususan, 2030-yil 1-yanvargacha yuridik shaxslardan yer solig‘i olinmaydi

Foto: yandexmap
O‘zbekistonda ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, pivo va pivo ichimlimklari, shuningdek, tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar yig‘im turlari jumlasiga kiritildi.
Bunda pivo va pivo ichimlimklari, shuningdek tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organini xabardor qilingani to‘g‘risida tasdiqnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxs hamda YATTlar ushbu yig‘imlarning soliq to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvargacha parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvargacha Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi stasionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi:
- bino va inshootlarni, yer uchastkalarini ijaraga berishdan olinadigan daromadlari bo‘yicha – foyda solig‘ini;
- ijaraga berilgan ob’yektlar va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha – mol-mulk solig‘i hamda yer solig‘ini.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2025-yilda parrandachilik eksportini 2 karra oshirib, $180 mlnga yetkazish rejalashtirmoqda.
Xususan, 1 mln tonna parranda go‘shti, 10,5 mlrd dona tuxum yetishtirish mo‘ljallangan.
Chorvachilikda esa 1,350 mingta loyihani ishga tushirib, 3,2 mln tonna go‘sht yetishtirish, 13 mln tonnadan ziyod sut olib, uning 30% ini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ