Tadbirkorlarni tekshirishda elektron risk tahlili tizimi joriy etiladi

Bu orqali past xavf toifasidagi korxonalar tekshiruvdan ozod etiladi

Tadbirkorlarni tekshirishda elektron risk tahlili tizimi joriy etiladi

Adliya vazirligi raqobat, energetika va kinematografiya sohalarida tadbirkorlik subyektlarini tekshirishda elektron risk tahlili tizimidan foydalanish tartibini belgilovchi nizomlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektron tizim tadbirkorlarning qonunchilikni buzish ehtimolini avtomatik ravishda baholaydi. Buning uchun davlat va bank axborot tizimlaridagi ma’lumotlar, statistik ko‘rsatkichlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar hamda qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa manbalardan foydalaniladi.

Shu bilan birga, risk tahlili jarayonida tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir soha uchun alohida baholash mezonlari joriy etiladi. Xususan, kinematografiya sohasida filmlarni ommaviy namoyish etish hamda xorijiy kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda kino ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha alohida mezonlar belgilanadi.

Yoqilg‘i-energetika sohasida esa elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, neft va neft mahsulotlari, tabiiy hamda suyultirilgan gaz yetkazib berish faoliyati, shuningdek, energetik audit uchun alohida risk mezonlari qo‘llaniladi.

Raqobat qo’mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xomashyo birjalari faoliyati hamda dori vositalarining ulgurji va chakana savdosi yo‘nalishlarida maxsus mezonlar asosida risk tahlilini amalga oshiradi.

Risk tahlili yakunlariga ko‘ra, korxonalar qonunbuzarlik xavfi darajasiga qarab yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Yuqori va o‘rta xavf toifasidagi korxonalarda esa amaldagi qonunchilikka muvofiq profilaktik tadbirlar hamda tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin. Biroq elektron tizim tomonidan belgilangan risk darajasi tadbirkorga nisbatan bevosita ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yangi transport loyihalarisiz Markaziy Osiyo savdo hajmlarining o‘sishini qo‘llab-quvvatlay olmaydi — Jasurbek Choriyev
/
Yangi transport loyihalarisiz Markaziy Osiyo savdo hajmlarining o‘sishini qo‘llab-quvvatlay olmaydi — Jasurbek Choriyev
Fransiyaga qisqa muddatli viza olish tartibi o‘zgaradi
/
Fransiyaga qisqa muddatli viza olish tartibi o‘zgaradi
O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin
/
O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin