Surxondaryoda investitsiyalar hajmini $3 mlrdga yetkazish belgilandi
Shuningdek, 6 ta tuman va shaharni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish rejalashtirilmoqda
Фото: пресс-служба президента
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi va tuman hokimlari oldiga joriy yilda investitsiyalar hajmini $3 mlrdga, eksportni $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilgani qayd etildi.
Hududda kambag‘allik darajasini 2,8% ga, ishsizlikni 4,5% ga tushirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabot tumanlarini “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish vazifasi belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat iqtisodiyotida sanoat ulushi so‘nggi 9 yilda 5 barobar o‘sib, 10% ga yetgan. Biroq bu ko‘rsatkich yetarli emasligi qayd etildi.
Viloyatda 100 mln tonna ko‘mir zaxirasi mavjud bo‘lsa-da, yiliga atigi 1%i qazib olinayotgani bildirildi. Joriy yilda Boysun tumanidagi “Sanjar”, Oltinsoy tumanidagi “Oqsuv” konlarida, kelgusi yilda esa “Fangart” konida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarish loyihalariga qiziqish bildirgan. Sariosiyo tumanidagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga xitoylik investorlar tomonidan $1 mlrd miqdorida investitsiya kiritish istagi bildirilgani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur zaxiralar elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya va avtomobilsozlik tarmoqlari uchun xomashyo bazasi hisoblanadi. Ushbu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirib, kamida 200 mln dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Shuningdek, Boysun tumanidagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya va Italiya mahsulotlari bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari yetarlicha o‘rganilmagani qayd etildi. Shu kabi zaxiraga ega konlarda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ