Surxondaryoda 140 mlrd so‘mlik ekoturizm kompleksi qurilishi boshlandi
Loyiha 15,7 gektar maydonda tashkil etiladi
Фото: Хокимият Сурхандарьинской области
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan Janubiy Surxon suv ombori hududida qiymati 140 mlrd so‘mlik ekoturizm kompleksi qurilishiga start berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 24-avgust kuni hokim Ulug‘bek Qosimov taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirilgan loyiha taqdimoti bilan tanishdi. Hudud ko‘zdan kechirilib, qurilish ishlarini tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirish, belgilangan talablar asosida qisqa muddatda boshlash vazifasi topshirildi.
Ekoturizm kompleksi 15,7 gektar maydonda tashkil etiladi. Loyiha doirasida tabiiy muhitni asrab-avaylash, yangi yashil maydonlar tashkil etish, ekologik talablarga mos yo‘l va infratuzilmalar barpo etish hamda oqova suvlarni tozalash tizimini joriy qilish nazarda tutilgan.
O‘zAning yozishicha, yirik suv ombori hududida qad rostlaydigan zamonaviy ekoturizm maskanida kottej uylar, basseyn, avtoturargoh va avtomobillarni yuvish shoxobchalari, savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, suvusti ayvonlari qad rostlaydi. Sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari quriladi. Baliqchilik yo‘lga qo‘yiladi. Atrofi yashil boyliklar bilan ko‘kalamzorlashtiriladi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun barcha qulaylik yaratiladi.
Janubiy Surxon suv ombori — bundan 58 yil avval ishga tushirilgan bo‘lib, dengiz satxidan 408 metr balandlikda joylashgan. Suv sathi yuzasi 65 kvadrat-kilometrni, to‘la suv sig‘imi 800 mln kub-metrni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ