Surxondaryoda Xitoy kompaniyalariga $10 mlrdlik 95 ta loyiha taqdim etildi

Forum yakunida 63 ta loyiha bo‘yicha $6,25 mlrdlik dastlabki kelishuvlarga erishildi

Surxondaryoda Xitoy kompaniyalariga $10 mlrdlik 95 ta loyiha taqdim etildi

15–16-avgust kunlari Surxondaryodaning Termiz shahrida “O‘zbekiston — Xitoy” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryoning investitsiya va savdo-iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, Xitoy kapitali va texnologiyalarini jalb qilish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Forumda O‘zbekiston va Xitoy hukumatlari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, xalqaro va sohaviy tashkilotlar, mahalliy hokimliklar hamda tadbirkorlar qatnashdi. Tadbirda 120 dan ortiq Xitoy kompaniyasi va tashkilotidan qariyb 350 nafar vakil ishtirok etdi. Shuningdek, Afg‘onistondan 46 ta kompaniyaning 100 dan ortiq vakili forumga taklif qilindi.

Forum Hukumat komissiyasi topshirig‘i asosida va uning raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligida o‘tkazildi.

$10 mlrdlik 95 ta loyiha

Forum doirasida Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan umumiy qiymati $10 mlrd bo‘lgan 95 ta investitsiya loyihasi shakllantirilib, xorijiy investorlarga taqdim etildi. Loyihalar hududning tabiiy resurslari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, infratuzilmasi va boshqa raqobat ustunliklari hisobga olingan holda tayyorlangan.

Loyihalarning eng katta qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi — 25 ta loyiha. Tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishida 24 ta, xizmatlar sohasida 13 ta, kimyo sanoatida 6 ta, qurilish materiallari ishlab chiqarishda 3 ta, to‘qimachilik sanoatida 2 ta loyiha taklif etildi. Yana 22 ta loyiha boshqa sanoat yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Investitsiya takliflari bilan birga Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda “Termiz xalqaro savdo markazi” tegishli sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.

$6,25 mlrdlik dastlabki kelishuvlar

Forum doirasida Xitoy va Afg‘oniston biznes vakillari, Surxondaryo shaharlari va tumanlari rahbarlari hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirokida G2B va B2B formatlarida muzokaralar o‘tkazildi. Unda tayyor investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish maydonlari va mavjud imkoniyatlar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida 63 ta loyiha bo‘yicha jami $6 mlrd 253,5 mlnlik dastlabki investitsiya kelishuvlariga erishildi.

Eng yirik kelishuvlar qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 11 ta loyiha — $1,225 mlrd, to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatidagi 8 ta loyiha — $1,1815 mlrd, tog‘-kon sanoatidagi 10 ta loyiha — $1,027 mlrd hamda turizm, ta’lim, qurilish va savdoni o‘z ichiga olgan xizmatlar sohasidagi 13 ta loyiha — $1,015 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik, chorvachilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish va baliqchilik sohalarida ham dastlabki kelishuvlarga erishildi.

“Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi

15-avgust kuni “Ayritom” erkin savdo zonasi hududida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Surxondaryodagi korxonalarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, kimyo va yengil sanoat, qurilish materiallari, tog‘-kon va geologiya, zargarlik hamda boshqa yo‘nalishlardagi ishlab chiqarish, eksport va investitsiya salohiyati namoyish qilindi.

Forum ishtirokchilariga viloyatning strategik joylashuvi, tabiiy resurslari, sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati, logistika va turizm imkoniyatlari hamda xorijiy hamkorlar ishtirokidagi loyihalar haqida videoprezentatsiya ham namoyish etildi.

16-avgust kuni forumning amaliy qismi davom ettirilib, Xitoy kompaniyalari vakillari Surxondaryoning tumanlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurdi. Investorlar ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma, istiqbolli maydonlar va investitsiya loyihalari bilan bevosita tanishdi.

Forum yakunlari Surxondaryoga Xitoy investitsiyalarini jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksport salohiyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy biznes bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent hokimi: “Birorta ham bozor yopilmaydi”
/
Toshkent hokimi: “Birorta ham bozor yopilmaydi”
Toshkent iqtisodiyoti 2030-yilgacha $60,4 mlrdga yetkaziladi
/
Toshkent iqtisodiyoti 2030-yilgacha $60,4 mlrdga yetkaziladi
Toshkentda qurilishga ruxsat berishdan oldin har bir mahalla infratuzilmasi hisoblanadi
/
Toshkentda qurilishga ruxsat berishdan oldin har bir mahalla infratuzilmasi hisoblanadi